FIFA prezidenti Janni Infantinoning katta maslahatchisi Karlos Kordeyro «FIFA Forward Enterprise» loyihasiga norozilik bildirib, iste’foga chiqdi. Infantino tomonidan ilgari surilgan loyiha g‘oyasi jahon chempionati va tashkilotning boshqa turnirlari tijorat aktivlariga xususiy investorlarni jalb qilishdan iborat.
«Aniqlik kiritib o‘tmoqchiman: men ushbu taklifni ishlab chiqishda ishtirok etmaganman va unga qat’iyan qarshiman. Bu FIFAga a’zo assosiasiyalar uchun yomon kelishuv, futbol uchun yomon kelishuv va o‘yinning uzoq muddatli kelajagi uchun yomon kelishuvdir», — deya Kordeyroning so‘zlarini keltiradi Al Jazeera.
Sobiq maslahatchi, shuningdek, FIFA tijorat huquqlarining bir qismini sotish g‘oyasini ham tanqid qildi.
«FIFA hech qanday asosli sabablarsiz futbol kelajagini garovga qo‘ymoqda. FIFA prezidentining o‘zi 2022 yildan 2026 yilgacha bo‘lgan davrda 15 milliard dollar daromad olingani haqida gapirgan edi. Tashkilotda mavjud resurslar hisobidan milliy assosiasiyalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy imkoniyatlar allaqachon mavjud. Bunday sharoitda 4,2 milliard dollar jalb qilish maqsadida futbolning eng qimmatli aktividagi doimiy ulushni sotish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi», — ta’kidladi u.
Avvalroq Infantinoning takliflari KONKAKAF va UYEFAning barcha a’zolari tomonidan tanqid qilingan, Yevropa assosiasiyalari esa FIFA shafeligidagi keyingi turnirlarni boykot qilishga va’da berishga ham ulgurishgan edi.













