Madridning «Real» klubi bayonot berib, FIFAning tashkilot rahbari Janni Infantino tomonidan Jahon chempionati tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasidan voz kechish qarorini olqishlab kuti oldi hamda UYEFAga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
«Real Madrid» futbol klubi FIFAning musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha tijoriy huquqlarni qisman sotish taklifidan voz kechish qarorini olqishlaydi. Klubimiz buni futbol, uning institutlari va eng avvalo sevimli sport turimizning millionlab ishqibozlari uchun ajoyib xabar deb hisoblaydi.
«Real» ushbu loyihaga qarshi qat’iy va mas’uliyat bilan chiqqan UYEFA, konfederasiyalar, federasiyalar hamda siyosiy tashkilotlarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. ularning birdamligi va mas’uliyat hissi hal qiluvchi paytda futbolni himoya qilib qoldi.
Klublar — bu xalqaro futbol va Jahon chempionati barpo etiladigan poydevordir. Aynan ular ushbu yirik musobaqalarni o‘tkazish imkonini beradigan futbolchilarni topadi, shug‘ullantiradi, rivojlantiradi va terma jamoalarga yetkazib beradi. Xalqaro futbol va Jahon chempionati — bu eng avvalo jamoatchilik manfaatiga xizmat qiladigan voqealar bo‘lib, ular millatlar, ishqibozlar va butun jamiyatga tegishli merosdir. Shu sababli, ularga hech qachon tanlangan shaxslar manfaati yo‘lida sotiladigan oddiy moliyaviy aktiv deb qaramaslik kerak.
«Real» kelajakdagi tijoriy daromadlarni sotishga bo‘lgan har qanday urinishlarga, ayniqsa bu bilan bog‘liq xarajat va tavakkalchiliklarni o‘z zimmasiga olmagan holda amalga oshirilishiga keskin qarshi. Aynan klublar ushbu xarajatlar va xavf-xatarlarni ko‘taradi. Futbolning kelajakdagi daromadlarini o‘zlashtirishga qaratilgan, ammo ularni topish mas’uliyatini olmagan har qanday tashabbus qabul qilinishi mumkin emas va bundan buyon hech qachon ko‘rib chiqilmasligi kerak», — deyiladi klubning rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.
Infantino shaxsan o‘ziga o‘nlab million funt sterling foyda keltirishi mumkin bo‘lgan sotuv rejasini ishlab chiqayotgan edi va muzokaralar AQSH prezidenti Donald Tramp administrasiyasiga yaqin shaxslar bilan olib borilgan. Bir qator futbol tashkilotlari va sport arboblari ushbu qarorni keskin qoraladi.













