«PSJ»ning yangi yarim himoyachisi Magnes Akliush parijliklar safiga ko‘chib o‘tgach, sobiq klubi «Monako» muxlislari va jamoasiga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
«Qadrli «Monako», qadrli monegasklar! Men bu yerga hali o‘smirlik chog‘imda, faqat bir maqsad — futbolchi bo‘lish orzusi bilan kelgan edim. Oradan sakkiz yil o‘tib, tasavvurimga sig‘ganidan ham ancha ko‘prog‘iga erishib, bu dargohni tark etmoqdaman.
«Monako» kabi klubda har bir bosqichni juda ko‘p iqtidorli yoshlar orasida mehnat qilib, haqli ravishda egallash kerak. Yoshlar jamoasidan tortib asosiy tarkibgacha — bu libosni kiygan har bir kunimda uning mas’uliyatini chuqur his qildim.
Aynan «Monako» tufayli Fransiya terma jamoasiga chaqirildim, Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionatida ishtirok etdim. Bu klub hali hech kim bo‘lmagan vaqtimdayoq menga ishongan. Men buni hech qachon unutmayman. Bugungi so‘zlarim xayrlashuv emas, balki cheksiz minnatdorchilikdir. «Monako»siz men bugungi darajamga yeta olmasdim», — deb yozdi Akliush X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
24 yoshli fransuz «PSJ» bilan 2031 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 50 million yevroga baholamoqda.
2025/26 yilgi mavsumda Akliush barcha turnirlarda 43 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol urgan va 11 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.













