Shotlandiyaning «Seltik» klubi bosh murabbiyi Martin O'Nil kichik tibbiy prosedura o‘tkazilganidan so‘ng shifoxonada qolmoqda. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar berdi.
Rasmiy bayonotda klub muxlislarga murabbiyga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov va ezgu tilaklar uchun minnatdorchilik bildirdi. «Seltik» vakillari 74 yoshli mutaxassisning shifoxonaga yotqizilganini tasdiqladi, biroq tafsilotlarni oshkor etmadi. Shunga qaramay, klub rahbariyati tajribali murabbiyning yaqin ikki kun ichida o‘z ishiga qaytishini kutmoqda.
Martin O’Nil iyun oyi boshida rasman «Seltik» bosh murabbiyi etib tayinlangan edi. 74 yoshli ustoz bilan «1+1» sxemasi bo‘yicha shartnoma imzolangan. O‘tgan mavsumda O’Nil inqirozli vaziyatda vaqtinchalik murabbiy sifatida Shotlandiya klubiga ikki marta qaytib, yakunda jamoa bilan chempionat va Kubokda zafar quchdi hamda «oltin dubl»ni rasmiylashtirdi.
Dushanba kuni O’Nil Shotlandiya chempionatining start oluvchi 1-turida «Dandi»ga qarshi kechgan g‘alabali o‘yinda (1:0) jamoani bevosita maydon chetidan boshqargan edi.













