Braziliyaning «San-Paulu» klubi Boliviyaga Janubiy Amerika kubogi 1/8 finalida «Bolivar»ga qarshi o‘yin o‘tkazish uchun borganida noodatiy voqea yuz berdi.
Boliviya polisiyasi «San-Paulu» delegasiyasini tashish uchun ajratilgan avtobusni tekshirish chog‘ida 86,5 kg marixuana aniqladi. Transport vositasi klubning o‘ziga emas, «San-Paulu» Boliviyadagi safari uchun yollagan Buses Cosmos kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.
Muhimi, «San-Paulu» futbolchilari ushbu avtobusga chiqmagan va voqeaga aloqador shaxslar bilan muloqotda bo‘lmagan. Giyohvand moddalar avtobus jamoa delegasiyasini olib ketishidan avval aniqlangan. Shundan so‘ng tashuvchi kompaniya klubga boshqa avtobus taqdim etgan.
Hodisa yuzasidan uch kishi qo‘lga olindi va Boliviya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tergov boshladi.
«San-Paulu» va «Bolivar» o‘rtasidagi Janubiy Amerika kubogi 1/8 finalining dastlabki uchrashuvi esa 1:1 hisobida yakunlandi.













