«Inter»ning afsonaviy sardori Xavyer Dzanettining 14 yoshli o‘g‘li Tomas Milan klubi bilan o‘zining ilk shartnomasini imzoladi. Endi u «neradzurrilar»ning 15 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tashkil topgan jamoasida to‘p tepadi.
Tomas o‘tgan mavsum «Inter»ning U14 jamoasida yorqin o‘yin namoyish etdi. Manba ma’lumotiga ko‘ra, u mavsum davomida 27 ta gol urgan. Iyun oyida Tomas ishtirok etgan «Inter» U14 jamoasi Lombardiya chempioni bo‘lgan, final uchrashuvini Xavyer Zanetti ham tribunadan kuzatgan.
Xavyer Dzanettining o‘zi 1995 yildan 2014 yilga qadar «Inter» sharafini himoya qilgan va klub tarixidagi eng muhim futbolchilardan biriga aylangan. U futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng klub rahbariyatida ish boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, Italiya A Seriyasining yangi mavsumi 22 avgust kuni start oladi. «Inter» yangi mavsumni amaldagi Skudetto sohibi sifatida boshlaydi.













