Nigeriya futbolida fojia yuz berdi. «Katsina Yunayted» himoyachisi Chinedu Ozor o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida maydonda hushidan ketdi.
Hodisa «Niger Tornados»ga qarshi mavsumoldi o‘yinining dastlabki daqiqalarida sodir bo‘lgan. Futbolchiga tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib ketilgan, ammo uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. «Katsina Yunayted» keyinchalik Ozorning vafot etganini rasman tasdiqladi.
Dastlab Ozor vafot etgan deb topilganidan keyin unda hayot alomatlari paydo bo‘lgani va futbolchi reanimasiyaga qaytarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq «Katsina Yunayted» bu ma’lumotlarni rasman rad etdi. Klub bayonotiga ko‘ra, futbolchi hushiga kelmagan va uni qutqarish bo‘yicha urinishlar natija bermagan.
Klubning tushuntirishicha, Ozorning oilasi uning vafot etganiga ishonishni istamay, jasad morgga olib ketilishidan avval qo‘shimcha tibbiy tekshiruv o‘tkazilishini so‘ragan. Aynan shu holat keyinchalik futbolchining «tirilib ketgani» haqidagi noto‘g‘ri xabarlar tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Nigeriyaning qator futbol klublari Chinedu Ozorning oilasi, yaqinlari va «Katsina Yunayted» jamoasiga hamdardlik bildirdi.













