"Barselona" yarim himoyachi Mark Bernalga ishonch bildirishda davom etmoqda. Turli mish-mishlarga qaramay, "ko‘k-anorranglilar" Rodrini o‘z safiga qo‘shib olgan taqdirda ham 19 yoshli futbolchi bilan xayrlashishni rejalashtirmayapti.
Sport ma’lumotiga ko‘ra, chorshanba kuni "Barselona" sport direktori Deku yosh yarim himoyachining agentlari bilan uchrashdi. U muzokaralar chog‘ida Bernal klub loyihasining muhim qismi bo‘lib qolishini aniq bildirgan. "Barselona" futbolchiga ham hozir, ham uzoq muddatli istiqbolda ishonch bildirmoqda.
Shuningdek, klub sentyabr oyida Bernal bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Yangi kelishuvga ko‘ra, futbolchining maoshi sezilarli darajada oshirilishi va shartnoma 2031 yilga qadar amal qilishi kutilmoqda.
Rodrining "Barselona"ga transferi hozircha to‘liq hal qilingani yo‘q. Biroq yaqin vaqt ichida Kataloniya klubi "Manchester Siti" bilan kelishuvga erishishi kutilmoqda.













