«Valensiya» «Liverpul» qanot hujumchisi Federiko Kyezaga qiziqish bildirmoqda. Ispaniyalik jurnalist Fran Guaytaning xabar berishicha, klub futbolchining transfer shartlarini bilish uchun mersisaydliklarga rasmiy so‘rov yuborgan.
Ispaniya klubi transferlar oynasining so‘nggi qismida hujum chizig‘iga yuqori saviyali futbolchi qo‘shishni rejalashtirgan. «Valensiya» rahbariyati jamoa o‘yiniga darhol ta’sir ko‘rsata oladigan va muxlislarda qiziqish uyg‘otadigan nomzod izlamoqda.
Kyeza «Liverpul» safiga «Yuventus»dan taxminan 10 mln funt evaziga kelib qo‘shilgandi. Biroq italiyalik futbolchi «Enfild»da asosiy tarkibdan muqim joy egallay olmadi va ko‘pincha zaxiradan maydonga tushdi.
Sobiq bosh murabbiy Arne Slot davrida hujum chizig‘idagi kuchli raqobat Kyezaning muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qildi. Yangi murabbiy Andoni Iraola esa 29 yoshli vingerga o‘zini yana bir bor ko‘rsatish imkoniyatini bermoqda.
Hozircha Kyezaning «Liverpul»dan ketishga tayyor yoki tayyor emasligi noma’lum. «Valensiya» esa futbolchi jamoasini almashtirishga qaror qilsa, uning asosiy variantlaridan biri bo‘lishi mumkin. Tomonlar o‘rtasida hozircha rasmiy muzokara yoki transfer taklifi haqida xabar berilmagan.













