«Milan» vingeri Rafael Leau «Chelsi»da Portugaliya terma jamoasidagi sherigi Pedru Netuning o‘rnini egallashi mumkin.
Mish-mishlarga ko‘ra, «ko‘klar»ning 26 yoshli futbolchisi Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi bilan kelishuvga yaqin turibdi.
Jurnalist Ekrem Konur ma’lumotiga ko‘ra, nomi oshkor etilmagan agent «Chelsi»ni Netuning o‘rniga Rafael Leauni sotib olishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. Biroq hozircha London klubi «rossoneri» yulduzini transfer qilishga qay darajada qiziqish bildirayotgani noma’lum.
Rafael Leauning o‘zi esa avval ham bir necha bor Angliya Premyer-ligasida kuchini sinab ko‘rish istagi borligini aytgan.
27 yoshli futbolchiga «Galatasaroy» qiziqish bildirgan, shuningdek, uning xizmatlari «Roma»ga ham taklif qilingan.













