Issiq havo tufayli "Park de Prens" stadioni maydoni bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Shu sabab "PSJ" 23 avgust kuni "Renn"ni o‘z maydonida qabul qila olmaydi. Chorshanba kuni kechqurun uchrashuv "Renn" maydoniga ko‘chirilgani rasman e’lon qilindi.
RMC Sport ma’lumotiga ko‘ra, "Renn" "PSJ"ning o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazish haqidagi iltimosiga ijobiy javob bergan. Biroq klub bu qaror davralar almashinuvini anglatmasligini ta’kidlamoqda. Ya’ni ikkinchi davrada ham "Renn" avvaldan rejalashtirilganidek "PSJ"ni o‘z maydonida qabul qilishi kerak.
Agar "PSJ" ikkinchi davradagi uchrashuvni o‘z stadionida o‘tkazishga harakat qilsa, "Renn" bu masalada o‘z huquqlarini himoya qilmoqchi.
"PSJ" — "Renn" uchrashuvi 23 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:45 da boshlanadi.













