O‘zbekiston Superligasining 19-turidan o‘rin olgan "Neftchi" — "So‘g‘diyona" uchrashuvi farg‘onaliklarning 3:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
23 avgust kuni Farg‘onadagi "Istiqlol" stadionida o‘tkazilgan bahsda hisob 23-daqiqada ochildi. "Neftchi" hujumchisi Zoran Marushich raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda Marushich yana bir bor o‘zini ko‘rsatdi. U 58-daqiqada ikkinchi golini kiritib, dublni rasmiylashtirdi.
Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtning 9-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Stipe Perisa uchinchi golni urdi va yakuniy hisobni o‘rnatdi — 3:0.
Shu tariqa, "Neftchi" o‘z maydonida "So‘g‘diyona"ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi.
Uchrashuvni G‘ayrat Jo‘rayev boshqardi. Bahs davomida "Neftchi" futbolchisi Boyan Siger 34-daqiqada, "So‘g‘diyona" vakili Abdulazizxon Abdurashidov esa 37-daqiqada sariq kartochka bilan ogohlantirildi.













