"Bolonya" va "Portu" "Uotford" qanot hujumchisi Usmon Maammaga qiziqish bildirmoqda. Marokashlik futbolchi yaqinda bo‘lib o‘tgan U20 Jahon chempionatidagi yorqin o‘yinlari bilan e’tibor qozongan.
Foot Mercato xabariga ko‘ra, "Bolonya" 20 yoshli futbolchiga jiddiy qiziqmoqda va Jonatan Rouning "Atalanta"ga kutilayotgan transferi amalga oshsa, Maammani sotib olish uchun harakat boshlashi mumkin.
Italiya klubi futbolchining o‘yin uslubi va imkoniyatlarini yuqori baholamoqda hamda uni Rouning ehtimoliy o‘rinbosari sifatida ko‘rib chiqmoqda.
"Portu" ham Marokash terma jamoasi a’zosini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Portugaliya klubi hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun turli variantlarni o‘rganmoqda.
Maammaning "Uotford" bilan shartnomasi 2029 yilgacha amal qiladi. Shu bois Angliya klubi futbolchi uchun sezilarli miqdorda transfer puli talab qilish imkoniyatiga ega.
Transfermarkt portali 20 yoshli vingerni hozirda taxminan 8 million yevroga baholamoqda.
Maamma Marokashning U20 Jahon chempionatida g‘olib chiqishiga katta hissa qo‘shdi va musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Uning yorqin o‘yinlari katta terma jamoa murabbiylar shtabi e’tiboridan ham chetda qolmadi. May oyida Maamma 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan o‘tkazilgan Marokash terma jamoasining dastlabki yig‘in tarkibiga chaqirildi.
"MonpelYE" akademiyasi tarbiyalanuvchisi o‘tgan mavsumni "Uotford" safida o‘tkazib, Chempionshipda 25 ta uchrashuvda maydonga tushdi. U 4 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













