«PSJ»ning 18 yoshli qanot hujumchisi Ibrahim Mbaye «Aston Villa»ga o‘tishga yaqin turibdi. Senegallik futbolchi bugun tibbiy ko‘rikning birinchi bosqichidan o‘tadi, transfer esa yakshanba kuni rasman yakunlanishi kutilmoqda.
«Aston Villa» Mbaye transferi bo‘yicha «PSJ» bilan 55 million yevro miqdorida kelishuvga erishgan. Ayni paytda bitimning so‘nggi rasmiy jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Mbayega Angliyaga safar qilish uchun ruxsat berilgan va u yaqin vaqt ichida Birmingemga yetib borishi kutilmoqda. Unai Emeri boshchiligidagi jamoa yozgi transfer oynasi yopilishidan oldin kelishuvni to‘liq yakunlashga harakat qilmoqda.
Iste’dodli hujumchiga bir qator klublar, jumladan, «Liverpul» ham qiziqish bildirgan. Biroq «Aston Villa» tezkor harakat qilib, futbolchi transferida ustunlikni qo‘lga kiritdi.
Kutilishicha, Mbaye yangi klubi bilan yana bir yilga uzaytirish imkoniyatini o‘z ichiga olgan besh yillik shartnoma imzolaydi.
Ushbu transfer «Aston Villa» uchun navbatdagi yirik sarmoya bo‘ladi. Unai Emeri yozdagi bir qator muhim yo‘qotishlardan so‘ng jamoaning hujum chizig‘ini qayta shakllantirishda davom etmoqda.













