Joriy yilning 28—30 avgust kunlari Shveysariyaning Lozanna shahrida dzyudo bo‘yicha navbatdagi “Katta dubulg‘a” turniri bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari musobaqani muvaffaqiyatli yakunlab, umumiy hisobda 5 ta medalga ega chiqdi.
Mazkur nufuzli musobaqada 5 qit’aning 77 mamlakatidan jami 513 nafar dzyudochi — 305 nafar erkak va 208 nafar ayol sportchi g‘oliblik uchun tatamiga chiqdi.
Turnirning og‘ir vazn toifasida kechgan bellashuvlar o‘zbekistonlik polvonlar uchun ajoyib tarzda o‘tdi. Xususan, -90 kg vazn toifasi finalida o‘zbekistonlik ikki dzyudochi — Umar Bozorov hamda Nurbek Murtazoyev o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuv Bozorovning g‘alabasi bilan yakunlandi va u oltin medalga ega chiqdi. Nurbek Murtazoyev esa kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, -100 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Ernazar Sarsenbayev O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.
-81 kg vazn toifasida ishtirok etgan Arslonbek Tojiyev finalga qadar Germaniya, Turkiya, Finlyandiya, Ukraina va Braziliya vakillarini mag‘lub etdi. Ammo u finalda qozog‘istonlik Abilayxan Jubanazarga mag‘lub bo‘lib, kumush medal sohibiga aylandi. Qolaversa, -60 vazn toifasida tatamiga chiqqan Samariddin Qo‘chqorov ham terma jamoa hisobiga bronza medalini yozdirib qo‘ydi.
Shu tariqa, O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi Lozannadagi musobaqani 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakunladi.













