«Fenerbaxche» «Arsenal»ning 19 yoshli yarim himoyachisi Itan Nvanerini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Fanatik jurnalisti Samet Chayir ma’lumotiga ko‘ra, Istanbul klubi londonliklar bilan futbolchi transferi yuzasidan muzokara olib bormoqda.
Dastlab «Fenerbaxche» «Arsenal» tarkibidagi 23 yoshgacha bo‘lgan xorijlik futbolchilardan birining holati haqida ma’lumot so‘ragan. Keyinchalik Chayir gap aynan Nvaneri haqida ketayotganini ma’lum qildi. Hozircha ehtimoliy bitimning moliyaviy shartlari yoki ijara asosida amalga oshirilishi borasida aniq ma’lumot berilmagan.
Nvanerining kelajagi transfer oynasining so‘nggi kunlarida muhokama qilinayotgan masalalardan biri. Mikel Arteta ham yaqinda «Arsenal» tarkibi haddan tashqari kengaygani ayrim futbolchilarning kelajagiga ta’sir qilayotganini tan olgan. Reuters Nvanerini jamoani tark etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida keltirgan.
Nvaneri o‘tgan mavsumning ikkinchi qismini «Marsel»da ijarada o‘tkazdi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, u mavsum davomida barcha musobaqalarda 23 ta o‘yinda 3 ta gol va 1 ta assist qayd etgan. Futbolchining bozor qiymati 35 mln yevroga baholanmoqda, «Arsenal» bilan shartnomasi esa 2030 yilgacha amal qiladi.
Nvaneri 15 yoshu 181 kunligida APLda debyut qilib, musobaqa tarixida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylangan.













