Kamerun futbol federasiyasi prezidenti Samyuel Eto’O Yevropa futbol assosiasiyalari Afrika futboli duch kelayotgan muammolarni tushuna olmasligini aytdi.
«Biz [evropaliklar bilan] hech qachon voqealarga bir xil nuqtai nazardan qaramaymiz. Masalan, byudjeti 150 ming yevro bo‘lgan ayrim federasiyalarga nazar tashlasak, ular qanday qilib yirik futbol davlatlari bilan raqobatlasha oladi?
Hech kim Afrika federasiyalarining ayrim rahbarlari o‘z mamlakatlarida futbolni qanday boshqarayotgani haqida so‘ramaydi. Agar iqtidorli futbolchilarning ketib qolishi yuz bersa, ayb bizga yuklanadi. Ammo Kamerun yiliga 20 yoki 40 million dollarlik byudjetga ega bo‘lganida edi, albatta, bizda ham o‘z Mbappe va Tchuameni bo‘lardi. Biz futbolimizni yaxshiroq tashkil qilgan bo‘lardik», — deya Eto’Oning so‘zlarini RMC Sport keltirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida FIFA Jahon chempionati translyasiya va boshqa tijoriy huquqlarini sotish uchun FIFA Forward Enterprise (FFE) nomli yangi tijoriy tuzilma tashkil etish rejasida ekani ma’lum bo‘lgan edi.
Keyinchalik FIFA prezidenti Janni Infantino futbol konfederasiyalari tomonidan bildirilgan tanqidlar va UEFAga a’zo mamlakatlarning Jahon chempionatini boykot qilish ehtimoli fonida bu g‘oyadan voz kechdi.
Shundan so‘ng ayrim Yevropa futbol federasiyalari 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidenti saylovida Infantino nomzodini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi.













