Bilbaoning «Atletik» klubi bosh murabbiyi Edin Terzich «Atletiko» ustidan 3:0 hisobida qozonilgan yirik g‘alabadan so‘ng fikr bildirdi.
«Men juda xursandman va natijadan mamnunman. Bu juda yuqori sur’atda o‘tgan, ko‘plab yaxshi epizodlarga boy o‘yin bo‘ldi va biz ajoyib natijaga erishdik.
Jamoamizdagi barcha jihatlar menga yoqdi, «San-Mames»dagi muhit esa hayratlanarli darajada edi. Jamoaning bu o‘yinga qanday tayyorlangani ajoyib. Suv ichish uchun tanaffusdan keyin ham, ikkinchi bo‘limda ham futbolchilar juda yaxshi ko‘rinishdi», — deya Terzichning so‘zlarini Marca keltirmoqda.
G‘alabadan keyin murabbiy jamoaga qo‘shimcha dam olish kuni berdi. Futbolchilar mashg‘ulotlarga seshanba kuni qaytadi.
«Bu mening «Atletik»im emas, bu bizning «Atletik» va odamlar aynan shunday jamoani ko‘rishni xohlaydi.
Zamonaviy futbolda turli o‘yin sxemalaridan foydalanish zarurat. Agar yaxshi futbolchilaring bo‘lsa, bu unchalik qiyin emas. Bir o‘yinda beshta almashtirish imkoniyati esa o‘yinning borishiga qarab moslashish imkonini beradi.
Bu safar ham ketma-ket ikkinchi o‘yinda gol o‘tkazmaslikka erishdik», — dedi mutaxassis.
Yuqori o‘rinlar uchun kurash haqida Terzich shunday dedi:
«Jamoa kurashishga tayyor. Yakunda qanday natijaga erishishimizni va’da qila olmayman, ammo jamoa hozir ega bo‘lgan natijasiga to‘liq loyiq».
«Atletik» 6 ochko bilan 8-o‘rinda, «Atletiko» esa 7 ochko bilan 6-pog‘onada bormoqda.













