"Galatasaroy" hujumchisi Viktor Osimxen va yarim himoyachi Mario Leminaning tibbiy tekshiruv natijalarini ma’lum qildi.
Har ikki futbolchi Turkiya chempionatining 4-turida "Istanbul Bashakshehir"ga qarshi 3:2 hisobida yakunlangan uchrashuvda jarohat olgan.
Osimxen 16-daqiqada hisobni ochgan, biroq 33-daqiqadayoq maydonni tark etishga majbur bo‘lgan. Lemina birinchi bo‘limni to‘liq o‘tkazgan, ammo tanaffusdan keyin u ham almashtirilgan.
MRT va qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlardan so‘ng har ikki futbolchida ham o‘ng sonning chov sohasidagi yaqinlashtiruvchi mushaklar guruhida o‘rta darajadagi shikastlanish aniqlangan.
Klub ma’lumotiga ko‘ra, jarohat mushaklarning cho‘zilishi va qon quyilishi bilan kechmoqda.
Turkiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Osimxen taxminan 2-3 hafta, Lemina esa uch haftaga yaqin maydonga tushmasligi mumkin.













