«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta yarim himoyachi Martin Edegorning o‘yini haqida fikr bildirdi.
«Kanonirlar» sardori yakshanba kuni «Chelsi»ga qarshi o‘tgan va 2:1 hisobida yakunlangan London derbisida g‘alaba goliga mualliflik qildi.
«Edegor hozir jismoniy jihatdan juda yaxshi holatda va o‘ziga ishonchi ham yuqori. Men uni anchadan beri bunday ko‘rmagandim. O‘tgan mavsumda ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yuborganidan keyin uning isbotlaydigan narsalari bor. Buni Bukayo Saka va Kay Xavers haqida ham aytish mumkin.
Martin futboldan zavq olyapti va aynan shuning uchun bunday formaga kirdi. Qilayotgan ishingdan zavq olish va maydonda bor kuchingni berish juda muhim. Bugun men aynan shuni ko‘rdim.
U oldinga ko‘p yugurdi, darvoza tomon zarbalar berdi va ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratdi. Bu ajoyib o‘yin edi», — deya Artetaning so‘zlarini Arsenal Radar keltirdi.
Martin Edegor joriy mavsumda 4 ta uchrashuvda 3 ta gol urdi.













