Jahon futboli yulduzlari Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kelajakda bir jamoa safida maydonga tushishi mumkin. Bu Karlos Tevesning xayrlashuv uchrashuvida amalga oshishi kutilmoqda.
Sobiq argentinalik hujumchi mazkur tadbirni o‘z vatanida o‘tkazishni rejalashtirgan.
"Ronaldu menga u yerda bo‘lishini aytdi. Leoni ham ko‘ndirish qiyin bo‘lmadi. Ikkalasi ham roziligini berdi. Bu o‘yinni katta intiqlik bilan kutyapman. U juda hissiyotlarga boy bo‘ladi", — deya Tevesning so‘zlarini Footmercato keltirdi.
Tevesning ta’kidlashicha, u doim Messi va Ronalduni bir jamoada o‘ynayotgan holda ko‘rishni orzu qilgan. Endi esa bu orzu amalga oshishi kutilmoqda.
Xayrlashuv uchrashuvi 2026 yil dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
41 yoshli Krishtianu Ronaldu ayni paytda Saudiya Arabistonining "Al-Nasr" klubida, 39 yoshli Lionel Messi esa MLSda "Inter Mayami" safida faoliyatini davom ettirmoqda.













