«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik jamoa yarim himoyachisi Frenki de Yongning jarohatidan tiklanish jarayoni haqida fikr bildirdi.
Niderlandiyalik futbolchi iyul oyida tizzasining ichki yon bog‘lamidan jarohat olgan edi. Avvalroq de Yong jarrohlik amaliyotidan voz kechib, konservativ davolanish orqali oktyabr oyi o‘rtalarida maydonga qaytishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.
«Umid qilaman, tez orada de Yongga tayana olamiz, ehtimol, tanaffusdan keyin. Frenki — yuqori saviyali ajoyib futbolchi. U jarohatdan keyin yaxshi tiklanyapti va reja bo‘yicha ishlayapti», — dedi Flik.
29 yoshli de Yongning kataloniyaliklar bilan shartnomasi yana uch yil amal qiladi.













