«Manchester Yunayted» va «Arsenal» «Portu» himoyachisi Albertu Koshtani o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini o‘rganmoqda, deb xabar beradi CaughtOffside.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli portugaliyalik futbolchini «Manchester Siti» va «PSJ» ham kuzatib bormoqda. Hozircha rasmiy takliflar yo‘q — klublar futbolchini skauting bosqichida o‘rganmoqda.
Transferni amalga oshirish oson bo‘lmasligi mumkin. «Portu» Koshta uchun «Yuventus»ga 15 million yevro va bonuslar to‘lagan hamda futbolchi bilan 2030 yil iyuniga qadar shartnoma imzolagan.
Uning shartnomasidagi tovon puli 65 million yevroni tashkil etadi. Shuningdek, «Yuventus» Koshtaning kelajakdagi transferidan olinadigan foydaning 10 foizini olish huquqini saqlab qolgan.
«Manchester Yunayted»da Koshta himoyaning o‘ng qanotida raqobatni kuchaytirishi va klubning yosh futbolchilarga stavka qilish siyosatiga mos kelishi mumkin.
«Arsenal» esa uning taktik jihatdan universalligiga qiziqmoqda. Mikel Arteta bir nechta pozisiyada harakat qila oladigan va to‘p nazoratida faol ishtirok etadigan himoyachilarni qadrlaydi.
2025/26 yilgi mavsumda Koshta «Portu» safida 47 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 18 million yevroga baholamoqda.













