«Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi Ueyn Runi «Manchester Siti» jazolangan taqdirda yangi mukofotlarni olishdan manfaatdor emasligini ma’lum qildi.
O‘tgan haftada «shaharliklar» APL moliyaviy qoidalarini buzish bo‘yicha deyarli barcha ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topildi — faqat bittasidan tashqari. 2023 yilning fevral oyida APL «Siti»ni 2009 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda 115 ta turli moliyaviy qoidabuzarlikda ayblagan edi. Keyinroq The Times gazetasi gap 115 ta emas, balki 130 ta qoidabuzarlik haqida ketayotganini xabar qildi.
«Rio Ferdinand yana bir Premyer-liga medalini olish haqida aytganini eshitdim... Ochig‘ini aytsam, yana bir Premyer-liga medalini qabul qilish men uchun noqulay bo‘lardi.
Biz bunga loyiq edik deb o‘ylamayman, o‘sha mavsumda [2011/12] ligani yutish uchun yetarlicha yaxshi o‘ynamagandik. Mavsum tugashiga to‘rt-besh tur qolganida olti yoki yetti ochko oldinda edik shekilli, lekin bu ustunlikni boy berdik.
So‘nggi bir necha kun ichida sodir bo‘lgan hamma narsani ko‘rdim, odamlarni eshitdim va o‘zimni «Man Siti» o‘yinchilari o‘rniga qo‘yib ko‘rdim... Ular o‘yinchilar, Premyer-liga titulini yutish uchun qo‘lidan kelganini qilishadi va ularning fikricha, ular buni uddalashdi. Agar futbolchilar rahbariyat nima qilayotganini bilshmagan bo‘lsa va bu men bilan sodir bo‘lganida... Men butunlay vayron bo‘lardim.
Ularni mukofotlardan mahrum qilishlari mumkin, bu sodir bo‘lishi mumkin, lekin men medal olishni xohlamasdim, chunki jamoamiz o‘sha yili bunga loyiq edi deb o‘ylamayman, chunki biz birinchi o‘rinni egallamadik. Shunga ko‘ra, jamoadoshlarimning «Men medal xohlayman» deyayotganini ko‘rganimda, o‘zimda bor bo‘lgan beshtasidan xursand bo‘laman. Menga yana bittasi kerak emas.
Egalari qilgan ishi uchun ularni mukofotdan mahrum qilish kerakmi? Ha, ehtimol, lekin uni qabul qilish menga noqulay bo‘lardi», — dedi Runi Stick To United podkastida.













