Norvegiya futbol assosiasiyasi (NFF) FIFAdan uchta holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni talab qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati rasmiy saytida ma’lum qildi.
Gap FIFA Tinchlik mukofotini tashkil etish jarayoni, 2026 yilgi jahon chempionatida AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga ko‘rsatilgan qizil kartochkaning bekor qilinishi hamda FIFA Forward Enterprise loyihasi haqida ketmoqda.
NFF FIFAning Etika qo‘mitasiga murojaat qilib, tashkilot prezidenti Janni Infantino va ushbu jarayonlarga aloqador boshqa shaxslar Etika kodeksini buzgan-buzmaganini tekshirishni so‘radi. Shuningdek, qaror qabul qilish jarayonlari, nazorat tizimi va FIFAning ichki nazorat mexanizmlari qay darajada to‘g‘ri ishlaganiga baho berish talab qilinmoqda.
NFF rahbari Lize Klaveness assosiasiya tekshiruv qanday xulosa bilan yakunlanishi kerakligini belgilab bermayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad faktlarni aniqlash hamda FIFAning boshqaruv va nazorat mexanizmlari faoliyatiga xolis baho berishdan iborat.
Shuningdek, NFF FIFAga a’zo assosiasiyalarga ushbu ishlar bo‘yicha barcha zarur hujjatlarni taqdim etishni talab qilmoqda.
FIFA Forward Enterprise loyihasi FIFAning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi asosiy musobaqalarini boshqarish uchun alohida kompaniya tashkil etishni nazarda tutgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu loyiha 4,2 milliard dollar daromad keltirishi va FIFAga a’zo assosiasiyalarning tushumlarini oshirishi mumkin edi. Biroq tashabbus futbol federasiyalari va funksionerlar tomonidan keng tanqidga uchradi.
Balogun bilan bog‘liq holatga kelsak, AQSH terma jamoasi hujumchisi 2026 yilgi jahon chempionatining 1/16 finalida Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvda himoyachi Tarik Muharemovichga nisbatan qoidabuzarlik qilgani uchun qizil kartochka olgan edi.
5 iyul kuni FIFA Intizom qo‘mitasi Balogunning diskvalifikasiyasini vaqtincha to‘xtatdi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bunday qaror AQSH prezidenti Donald Tramp FIFA rahbari Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilib, futbolchiga berilgan jazoni qayta ko‘rib chiqishni so‘raganidan keyin qabul qilingan.













