Hindiston va Urugvay milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi yakunlandi. Bahs Hindistonning Kalkutta shahridagi "Vivekananda Yuba Bxarati Krirangan" stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni hamyurtimiz Rustam Lutfullin boshqardi. O‘yin Urugvay terma jamoasining 6:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
Hisob 11-daqiqada ochildi. Urugvay terma jamoasi hujumchisi Darvin Nunyes penaltini aniq amalga oshirdi. 22-daqiqada Hindiston yarim himoyachisi Anirudx Txapa javob golini urdi.
Oradan olti daqiqa o‘tib, Maksimiliano Xavyer Arauxo Vilches Urugvayni yana hisobda oldinga olib chiqdi. 53-daqiqada Rodrigo Salasar Hindiston darvozasiga uchinchi golni yo‘lladi.
59-daqiqada Arauxo Vilches dubl qayd etdi. 71-daqiqada Urugvay yarim himoyachisi Xuan Sanabriya hisobni 5:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Uchrashuvdagi so‘nggi gol 86-daqiqada urildi. Hujumchi Rodrigo Agirre raqib darvozasini ishg‘ol qilib, yakuniy hisobni belgiladi — 6:1.
Hindiston terma jamoasi FIFA reytingida 138-o‘rinni, Urugvay esa 20-o‘rinni egallab turibdi.













