«Bavariya» hujumchisi Xarri Keyn Angliya terma jamoasidagi kelajak rejalari haqida gapirdi.
Seshanba kuni 33 yoshli futbolchi Angliya milliy jamoasi safidagi 125-uchrashuvini o‘tkazdi va bu borada Piter Shiltonning rekordini takrorladi.
«Terma jamoa safida shunchalik ko‘p o‘yin o‘tkazishimni hatto orzu ham qilmaganman. Umid qilamanki, oldinda hali ko‘plab uchrashuvlar bor. Buni vaqt ko‘rsatadi.
Men hali ham rivojlanishim mumkinligini his qilyapman. O‘tgan mavsum faoliyatimdagi eng yaxshisi bo‘ldi, hozir ham ajoyib formadaman. Shuning uchun to‘xtash niyatim yo‘q.
Shunchaki o‘ynashda davom etaman va oxir-oqibat bu meni qayerga olib borishini ko‘ramiz. Balkim, 10 yildan keyin yoki shunga yaqin vaqt o‘tgach, imkoniyatlarim chegarasi qayerda ekanini bilib olarmiz», — dedi Keyn ITV bilan suhbatda.
Angliya terma jamoasi sardori Chexiyaga qarshi 3:0 hisobida yakunlangan uchrashuvda dubl qayd etdi. Endi uning milliy jamoa safida 91 ta goli bor.













