«PSJ» yarim himoyachisi Vitinya Parij klubi tarixida o‘ziga xos rekord o‘rnatdi.
26 yoshli portugaliyalik futbolchi Fransiya Liga 1 musobaqasining 6-turidan o‘rin olgan «Le Man»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushib, «PSJ» safidagi o‘yinlari sonini 212 taga yetkazdi.
Vitinya mazkur bahsning 59-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Shundan ko‘p o‘tmay, parijliklar raqib darvozasiga ikkita gol urib, 3:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
ParisSG INFOS ma’lumotiga ko‘ra, Vitinya «PSJ» tarixida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan portugaliyalik futbolchiga aylandi.
U bu borada klubning sobiq hujumchisi va afsonasi Pedru Pauletaning natijasini yangiladi. Pauleta Parij jamoasi safida 211 ta o‘yin o‘tkazgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Vitinya 2022 yil yozida Portugaliyaning «Portu» klubidan «PSJ»ga ko‘chib o‘tgan edi.
Portugaliyalik yarim himoyachi shu vaqtga qadar Parij klubi tarkibida 212 ta uchrashuvda maydonga tushib, 27 ta gol va 25 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.













