Madridning «Real» klubi 25 oktyabr kuni «Barselona»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan «el-klasiko»da Vinisius Juniorning ishtirok etishiga umid qilmayapti.
Braziliyalik hujumchi kecha Ispaniya La Ligasining 8-turidan o‘rin olgan «Vilyarreal»ga qarshi uchrashuvda raqib futbolchisining sochidan tortgani uchun qizil kartochka olib, maydondan chetlatilgan edi.
The Touchline nashri jurnalist Arancha Rodrigesga tayanib xabar berishicha, «Real» rahbariyati Vinisius uchta uchrashuvga diskvalifikasiya qilinishi mumkin deb hisoblamoqda.
Madridliklar apellyasiya berish orqali jazo muddatini ikkita o‘yingacha qisqartirish mumkinligiga umid qilmoqda. Biroq bu ham braziliyalik futbolchining «el-klasiko»da ishtirok etishi uchun yetarli bo‘lmaydi.
Shu sababli «Real» Vinisiusning «Barselona»ga qarshi muhim bahsni o‘tkazib yuborishi muqarrar, deb hisoblamoqda va hozircha uning ushbu uchrashuvdagi ishtirokiga tayanmayapti.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» va «Real» o‘rtasidagi navbatdagi «el-klasiko» 25 oktyabr kuni kataloniyaliklar maydonida bo‘lib o‘tadi.













