Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Buyuklikka yo‘l: Pogba uchun u qayerdan boshlanadi?

Buyuklikka yo‘l: Pogba uchun u qayerdan boshlanadi?

Baho:
+ | -

«Manchester Yunayted» negadir hamon muxlislar kutgan yutuqlarga erisholmayapti. Katta umidlar bilan jamoaga qaytarilgan Pol Pogba esa talab qilingan darajadagi natijalarni qayd eta olganicha yo‘q hali. Shu munosabat bilan Interfutbol.uz yarim himoyachining so‘nggi oylardagi faoliyatiga tahliliy nazar soldi.

Ta’kidlash lozim, Pogbaning Manchesterga qaytishini muxlislar iliq qarshi olishdi. U APLning shu paytgacha o‘tkazilgan turlarida sakkiz marta o‘yinning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘ldi.

Qisqacha aytganda, aynan Pogba «Manchester Yunayted»ning yangi yildan beri faqatgina «Xall Siti»ga yutqazganida bosh sababchi. Fransuzning jamoada tutgan o‘rni muhim va Mourinyo uning tarkibda bo‘lishi boshqa futbolchilarga afsonaviy klubda to‘p surayotganini, «MYU» faqat g‘alaba uchun maydonga tushishini eslatib turishi lozimligini aytadi.

Aslida-ku, «Manchester Yunayted»da yuqori saviyali, jahon darajasidagi futbolchilar yetarli. De Xea, Mata, Mxitaryan, Ibragimovich - bular, so‘zsiz, yulduzlar. Biroq Pol Pogbaning liboslari juda yaxshi sotilayotganiga qaramay, u - kelajak yulduzi.

Albatta, o‘tgan yozda Pogbaning transferidan so‘ng yuzaga kelgan shov-shuvlar va «U shuncha pulga munosib o‘ynar olarmikan?», qabilidagi mantiqli savollarda ham jon bor. Lekin yoddan chiqarmaslik kerakki, iqtidor uchun alohida shug‘ullanish shart emas, buyuklik - o‘zi asta keladigan tushuncha.

Futbol tarixida Pogbaga o‘xshash «bo‘rttirilgan qahramonlar» ilgari ham uchragan. Farq shundaki, oldinlari bundaylar uchun juda katta pullar sarflanmasdi. Shuningdek, haddan tashqari umid bog‘langan o‘yin­chilar qaysidir jamoani chempionlik sari yetaklay olgani ham ko‘p uchramaydi. Shunday ekan, Pogba «MYU» uchun naf keltiradimi-yo‘qmi, bu haqda o‘ylash kerak emasdek tuyuladi. Hammasi - vaqt hukmiga havola...

«MYU»ning afsonaviy futbolchisi, sardori Roy Kinning uch aka-ukasi bor. Lekin irlandiyalik futbolchi «Sent-Etyen» va «Manchester Yunayted» klublari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida Florentin va Pol Pogbalarning bir-birlariga munosabatini ko‘rib, kulguli, ammo muhim bir gapni aytib yubordi: «Og‘a-ini Pogbalar bugun shunchalik ko‘p gaplashishdiki, men birodarlarim bilan so‘nggi besh yillikda ham shuncha gaplashmaganman». Qizig‘i shundaki, hatto Mourinyo yaqin qarindoshlarning bunday muomalasiga qarshi chiqmadi. Aksincha, u «Fransuz Pogba» va «ingliz Pogba» o‘rtasidagi kurashda eng ko‘p qiynaladigani - ularning onasi», deb hazillashdi.

Bizningcha, Roy Kin oilaviy munosabatlarning buzilishini istamaydi. Lekin u ko‘pchilik payqamagan bir narsani sezdi - Polda arzimagan oilaviy sahnalardan ham qandaydir «shou» yasashga moyillik bor. Boshqacha aytganda, o‘zini hammadan farqli qilib ko‘rsatish - maxsus yo‘l bo‘lib, bu keyinchalik futbolchining butsalarida, soch turmaklarida paydo bo‘ldi.

Mazkur harakatlar uning jamoada yetakchi ekanini bildirib turishi kerakday tuyuladi. Ammo hozircha Pol faqat o‘z uyidagina bosh yulduz, «MYU» va jahon futbolida emas. Bundan kelib chiqyaptiki, Pogba - oddiygina «bezbet» yigitcha, xolos.

Ammo shu bilan birga, Pogbaning ijobiy tomonlari ham bor. Deylik, kunlarning birida Anri va Ibragimovich suhbatlashib o‘tirishganida, ularning yonidan Pol o‘tib qoladi. Shunda Ibra unga yuzlanib, «Kel, jahon yulduzlari bilan biroz o‘tir», deydi. Sezganingizdek, Zlatan bu o‘rinda Pogba hali ular darajasiga yetmaganiga sha’ma qilib, hazillashadi.

Pogba esa Anriga qarab: «Ko‘ryapsanmi? Zlatan doim shunaqa. Bu esa unga maydonda juda qo‘l keladi», - deydi. Umuman aytganda, Pogba afsonalar bilan o‘zini juda kamtar tutadi. Muhimi - u bu yerda sof, samimiy so‘zlagan. Biroq nima bo‘lganda ham, Roy Kin Pogba borasida qisman haq - Polga birozgina barqarorlik yetishmayapti. Shu bois u tevarak-atrofdan o‘ziga tayanch qidirmoqda.

Ko‘rsatkichlar qanday?

Xarri Rednappning so‘zlari yodingizdami? U aytgandiki, agar Pogba 90 million funt tursa, unda Allining narxi - 100 million. Ammo shunisi ham borki, Polni Alli bilan solishtirish yaramaydi. Negaki, Delening maydondagi vazifalari umuman boshqa. Pogba esa chapga tortilgan markaziy yarim himoyachi bo‘lib, hujumga ham, himoyaga ham yordam berishi lozim.

Endi uning natijalarini ko‘rib chiqamiz. O‘yinlar davomida to‘pni raqibdan olib qo‘yish bo‘yicha Pol APLda 21-o‘rinda. Nahotki, Mourinyo Pogbaga to‘p uchun kurashmaslikni tayinlab, bu ishni Errera va Kerrikka ishonsa? Ishonish qiyin. Demak, fransuz yaxshi harakat qilolmayapti.

To‘pni egallab olish bo‘yicha - 18-o‘rin. Qoida buzishlar - APL xavbeklari ichida birinchi o‘rin. Ammo darvozaga zarba berish borasida Pol De Bryuyne yoki Mahrez singari hujumkor yarim himoyachilarni ham ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqib olgan. 90 daqiqa ichidagi gollar bo‘­yicha beshinchi o‘rin.

Havodagi kurashlarda Fellaynidan keyin ikkinchi. Zarba yo‘liga to‘p tashlash borasida Charli Adam va Stiven Defurlar bilan birga peshqadam. Ammo bu ko‘rsatkichlar Polning dunyo miqyosidagi yulduz ekanini isbotlash uchun kamlik qiladi, har holda.

Xullas, Pogba aslida ko‘p narsaga qodir. Lekin o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatolmayapti, hozircha. Boshqacha aytganda, agar u mukammal o‘ynamasa, «Manchester Yunayted» Angliyada hukmronlik qilolmaydi. Boz ustiga, boshqa futbolchilarga nisbatan o‘ta qattiqqo‘l bo‘lgan Mourinyo shogirdini ko‘p hollarda kechir­yapti. Bu esa Pogbani ham izdan chiqarayotgandek, go‘yo.

Vaholanki, Mourinyo aytgandiki, yana bir-ikki yildan so‘ng Pogba uchun sarflangan pul oddiy holdek tuyuladi. Pogba esa buning uchun eng avvalo, Ibragimovichdan futbol abadiyatini o‘rganib olishi lozim. E’tibor bering, Zlatan o‘ttiz yoshigacha 529 o‘yinda 232ta gol urgan (bir o‘yinda o‘rtacha 0,44ta gol), o‘ttizdan keyin esa 300 o‘yinda 246ta gol (o‘rtacha 0,82ta).

Qizig‘i shundaki, Ibra osonroq gol urish uchungina Italiya va Ispaniyani tashlab, Fransiyaga kelmagan. Shved intervyularining birida tan olgandiki, uzoq vaqtlargacha undagi xudbinlik maydondagi natijalarga salbiy ta’sir o‘tkazib kelgan.

Ya’ni, u xudbinlikni o‘ziga ishonch bilan adashtirib yuborgan. Futbolda oddiylik zarurligini payqaganidan keyingina o‘zi istagan natijalarni qayd etishni boshlagan. Yarim himoyachi Pogbadan ham ayni paytda dunyo xuddi shunday bar­qarorlikni kutmoqda. Yigitcha hali yosh ekani uchun uni to‘g‘ri tushunib, nihoyat, maydonda aqlini ham ishlatishini kutib turaylik-chi... Balki, shunda Pogba aslida kim ekanini ko‘rsatar?!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:54, 17.03.2017.
O'qildi: 8675 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.