Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Intervyu: Iker Kasilyas: «Real» hamisha qalbimda

Intervyu: Iker Kasilyas: «Real» hamisha qalbimda

Baho:
+ | -

«Real»ning asosiy yulduzlaridan biri bo‘lgan Iker Kasilyas ayni paytda «Portu» sharafini himoya qilmoqda. Uning Madriddan ketishi «Qirollik klubi»ning ko‘plab muxlislarini shok holatiga tushirib qo‘ygandi. Yaqinda Marca nashri darvozabon bilan suhbat uyushtirdi. Quyida ana shu intervyuni o‘qishingiz mumkin.

- «Real Madrid» Iker Kasilyas uchun qanday ahamiyat kasb etadi?

- Bu klubdan hamisha minnatdorman. Chunki aynan shu jamoa tufayli bolalikdagi orzum ushaldi. Men bilan ishlagan, o‘ynagan barcha murabbiylar, xodimlar va futbolchilardan minnatdorman. «Real» bazasi uyimdek bo‘lib qolgandi.

- «Santyago Bernabeu»da Keylor Navasga nisbatan hushtakbozliklar bo‘lyapti. Bunga munosabatingiz qanday?

- Nima deyishim mumkin? Bu menga yoqmaydi. Bunday holatga shaxsan tushmaganman. Lekin jamoadoshlarimga nisbatan hushtakbozlik qilishlarini ko‘rganman. Buni unutish uchun kuchli bo‘lish kerak. «Real» talabchan klub. Bir necha yil oldin jamoada pasayish kuzatilgandi. O‘sha davrlarni ham o‘tkazdik. Umuman olganda, «Bernabeu»da hushtakbozlik qilish qandaydir odatga aylanib qoldi.

Bunga hech tushuna olmayman. Keylor haqida gapiradigan bo‘lsam, uni o‘tgan mavsumda eng yaxshi darvozabonlar uchligiga kiritmaganlaridan hayron qoldim. U  Yevropaning eng muhim klublar turnirida g‘olib chiqqandi.

Ammo UYEFA ham, FIFA ham uning xizmatlarini qadr­lamadi. Uni eng kuchli darvozabon demoqchi emasman. Lekin hech bo‘lmaganda ikkinchi yoki uchinchi bo‘lishi kerak edi. Yoki Oblakni olaylik. Bu ikki darvozabon Chempionlar Ligasida ajoyib o‘yinlar o‘tkazishgandi.

- «Real»ning asosiy darvozaboni bo‘lish uchun texnika muhimmi yoki ruhiy xotirjamlik?

- Ruhiy xotirjamlik. Albatta, «Real»da ko‘p yillar o‘ynash uchun yaxshi formada bo‘lish ham talab etiladi. Bu esa oson emas. Lekin eng muhimi sizning ruhiy holatingizdir. Har qanday vaziyatda tanqidni qabul qilishni bilishingiz kerak.

- Bir paytlari ayrim muxlislar sizga nisbatan hushtakbozlik qilishgandi. Buning nima uchunligini tushunganmisiz?

- Vaqt o‘tishi bilan buni tushunib borasiz. Lekin hammasi ortda qoldi va buni muhokama qilmoqchi emasman. O‘shanda muxlislarga nisbatan qilgan qilig‘im uchun uzr so‘raganman. Agar yana shunday holat bo‘lsa, qaytib unday qilmasligim aniq.

- Madriddagi davringizni eslaganda, nimadan afsuslanasiz?

- Yana o‘sha davr qaytsa, yana shunday takrorlagan bo‘lardim. Vaziyat yomonligida ham sirk uyushtirmay, klub tufayli jim turganman.

- So‘nggi bor «Real» La ligani yutganida darvozada siz, klub bosh­qaruvida Joze Mourinyo edi...

- Ham mavsum juda og‘ir kechgandi. Avvaliga superkubokni «Barselona»ga boy berib qo‘ydik. Chempionat boshlanganda dastlab «Levante»ga yutqazdik. Keyin «Rasing» bilan durang o‘ynadik.

Natijada «Barsa»dan besh ochko ortda qolib ketgandik. Ammo ularni nafaqat ortda qoldirdik, balki yangi yilga qadar besh ochkoga oldinlab ketdik. Keyinchalik farq 10-11 ochkogacha ortdi. «Barsa» deyarli yetib olgandi. Biroq «Kamp Nou»dagi g‘alaba biz uchun muhim bo‘ldi. O‘sha ajoyib mavsumning eng omadsiz lahzasi «Bavariya» bilan penaltilar seriyasi bo‘ldi.

- «Real» oxirgi sakkizta chempionatning atigi bittasida g‘alaba qozondi. Bunga qanday izoh berasiz?

- Chunki qolgan klublar yaxshi o‘ynashdi. Umuman olganda buning sabablari ko‘p. Boshqa jamoalar YECHLda g‘olib chiqishganida, «Nima uchun «Real» Chempionlar Ligasida g‘alaba qozona olmaydi?», deyishardi. Endi jamoa bu musobaqada g‘alaba qozonmoqda. Muxlislar esa, «Nimaga «Real» La ligada g‘olib chiqmaydi?»ga o‘tib olishdi.

- Nima uchun Ispaniyada terma jamoadan ko‘ra klublarga ko‘proq muxlislik qilishadi?

- Hozir shunday bo‘lib qolgan. Oldinlari ikkisiga ham teng muxlislik qilishgan. Ayni paytga kelib odamlar ayvonlariga mamlakat bayrog‘ini ilib qo‘yadigan bo‘lishdi. O‘rtada ma’lum vaqt terma jamoaga muxlislik qilish sur’ati pasayib ketgandi. Biroq jahon va Yevropa chempionatlaridagi g‘alabalardan so‘ng barchasi o‘zgardi.

- Faoliyatingizni yakunlaganingizdan so‘ng «Real» sizga xayrlashuv uchrashuvini tashkil qilib berishini istarmidingiz?

- Nimaga istamas ekanman? «Real» hamisha qalbimda. Ammo hozir xayr­lashishga biroz shoshilmay turaman. Bu bilan marosimni istamayman, demoqchi emasman. Shunchaki, hali vaqt bor. So‘nggi yillarda ularning menga bo‘lgan munosabatlari o‘zgargan.

Avvallari esa faqat olqishlashardi. Hamisha yonimda bo‘lganlarga alohida minnatdorchilik bildiraman. Bugungi kunda «Real» faxriylari uchun uchrashuvlar tashkil qilib berilyapti. Umid qilamanki, bir necha yildan so‘ng yana «Bernabeu»da maydonga tushaman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:42, 12.04.2017.
O'qildi: 5981 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.