Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Kokos sotib tirikchilik qilgan Firminyo taqdiri haqida

Kokos sotib tirikchilik qilgan Firminyo taqdiri haqida

Baho:
+ | -

Voqealar rivoji 2006 yilga borib taqaladi. O‘shanda o‘n besh yoshli oddiy bolakay Braziliyadagi kichik bir maktabda tahsil olardi. Otasi plyaj va konsert zallari yonida ichimlik sotar, onasi uyda o‘tirardi. Bo‘lajak futbol yulduzi esa qashshoq oilasiga imkon qadar yordam berish maqsadida Atlantika okeani sohilida kokos savdosi bilan shug‘ullanardi. Mana, yillar o‘tib, u Angliyada to‘p surish orqali butun dunyoda muxlis orttirishga erishdi. Bugun «Liverpul» o‘yinchisi Roberto Firmino hamda uning taqdiriga ta’sir ko‘rsatgan stomatolog haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Robertoning ota-onasi farzandlarining to‘p ortidan quvmasligi, o‘qishdan chalg‘imasligi va bir necha yildan so‘ng Maseyoga nisbatan ancha taraqqiylashgan, xavfsiz shaharga ko‘chib o‘tishini xohlashardi. Ammo bu reja amalga oshmadi. Firminoni matematika kitobi bilan xoli tarzda uyga qamash ham naf bermadi, u deraza orqali tashqariga chiqardi.

Xullas, unga ma’lumot olish nasib qilmadi, ammo shunga qaramay, xaloskorini uchratdi.

Roberto KRB («Klub Regatas Brazil») maktabida shug‘ullandi, biroq vaqt o‘tgani sari murakkabliklar ortaverdi: klub moliyaviy muammolarga yo‘liqdi, murabbiylar oylab maosh olishmadi, akademiyadagi yoshlar ham zo‘rg‘a kun ko‘rishardi. Mazkur holatda Firminoning joniga KRBda stomatolog bo‘lib ishlovchi Marsellush Portella oro kirdi.

- Ilk bor uning o‘yinini ko‘rganimda naqadar yuksak iqtidor sohibi ekanini tushungandim. Ammo Roberto hech kimda qiziqish uyg‘otmayotgandi, - deya eslaydi Portella. - Vaqti kelib Firminoning terma jamoada o‘ynashini aytganimda, meni tentakka chiqarishgan. Hozir esa o‘sha kishilar bolakayning iste’dodini payqashmagani uchun o‘zlarini ko­yishmoqda.

Robertoning stomatolog bilan tanishuvidan so‘ng ro‘y bergan voqealar afsonaga o‘xshaydi, vaholanki, bularning bari haqiqat. Portella inqiroz arafasida turgan KRBda qolish noto‘g‘ri ekani, boshqa yerda o‘zini sinab ko‘rishi lozimligini aytgandi.

Shu tariqa Marsellush Firminoning oilasi bilan tanishib, barchaning qalbiga ishonch urug‘larini sepdi. «Atrofdagilarning ishonchini qozona olmayotganimda u meni qo‘llab-quvvatladi. Turli maslahatlari bilan katta yordam berdi», - deydi Roberto.

***

Go‘yoki, stomatolog Firminoning ruhiy ko‘makchisi, agenti va haqiqiy do‘stiga aylangandek edi. Tibbiyot vakili eski aloqalarini ishga solib, Roberto uchun «San-Paulu»da ko‘rik tashkil etdi, lekin ikki haftalik mashg‘ulotlar samara keltirmadi. Birinchidan, yosh futbolchiga to‘pni ishonib topshirishmadi, ikkinchidan, u biror-bir yangi narsa o‘rganmadi, uchinchidan esa, uni uyiga qaytarib yuborishdi. Xullas, qidiruvlar qaytadan boshlandi.

2008 yili Robertoga «Figeyrense» qiziqish bildirdi. KRBda undan deyarli muntazam ravishda tayanch chizig‘ida foydalanishardi, ko‘rik jarayonida esa Firmino hujum uyushtirish jarayonida haqiqiy shou ko‘rsatdi.

- Ilk mashg‘ulotda u ikki marta chalqancha uslubda gol urdi. Robertoning qanday darajaga ega ekanligi tushunarli edi, - deya eslaydi «Figeyrense» murabbiyi Emerson Mariya. - Ha, uning yetarlicha ma’lumotga ega emas, ammo maydonda hamisha aqlli o‘yin ko‘rsatardi. Tezkor qaror chiqarishi kishini hayratlantiradi, taktikaga tezda moslashdi. U haqiqiy daho».

***

Firmino «Figeyrense»ga o‘tganida dastlab hech kim bilan suhbatlashmadi, jamoadoshlari uni hazillashib «soqov» deb atashardi. Vaziyat shu qadar g‘alati ediki, ayrim o‘yinchi va murabbiylar Robertoning ismini ham bilishmasdi. Bo‘lajak yulduz esa noto‘g‘ri nom bilan chaqirayotganlarning xatosini to‘g‘rilashdan iymanardi.

- U juda kamgap edi, chunki ilk bor uyidan yiroqda uzoq vaqt qolib ketgandi, onasi har kuni yig‘lardi, - deydi murabbiy Emerson Mariya. - Odatda, ismlarni eslab qolishda qiyinchilikka duch kelmasdim, biroq Roberto bilan butunlay boshqacha holatga tushdim. Bir hafta mobaynida uni Alberto deb chaqirdim, ko‘rsatma berdim. Firmino esa aytganlarimni so‘zsiz bajarardi.

Futbolchining nomi aslida qanday ekanligini bilish ham qiziq bo‘ldi. Jismoniy tayyorgarlik bo‘­yicha mutaxassis bosh murabbiyga shogirdining ismi Alberto emasligini aytdi.

- Hoy, Alberto, buyoqqa kel, - dedi jamoa ustozi shundan so‘ng.

 DAVOMI

Manba: www.std.uz
Kiritildi: 09:53, 01.05.2017.
O'qildi: 5612 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.