Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ueyn Runi: «Kelajagim? Yana ozgina kutaylik» (intervyu)

Ueyn Runi: «Kelajagim? Yana ozgina kutaylik» (intervyu)

Baho:
+1 | -

«Manchester Yunayted» sardori Ueyn Runi katta ehtimolki, jamoa bilan Yevropa Ligasi g‘olibi sifatida xayrlashadi. Shuning uchundir, Stokgolmdagi yutuq unga kuchli xursandchilik ulashdi, o‘z navbatida, o‘yin tegrasidagi voqeliklar ham faxriy futbolchiga qattiq ta’sir qildi:

«Tabiiyki, bag‘oyat baxtiyormiz, YEL kubogi ham har qanday mukofot kabi qadrlidir. Bu ayniqsa, muxlislar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Ammo motam kuni maydonga tushib, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishda ancha qiynalganimiz ham rost. Axir final arafasida Manchesterda dahshatli fojia ro‘y berib, ko‘pchilik yaqinlari, oilasi va do‘stlaridan ayrildi. Yana kimlardir jiddiy jarohatlandi. Yigitlar bilan maslahatlashib, birinchi golni hayotdan ko‘z yumganlar va ikkinchisini mudhish voqeadan aziyat chekkanlarga bag‘ishladik. Biz butun Angliya uchun og‘ir kunda xalqimiz bilan birgamiz».

- «Manchester Yunayted» va «Manchester Siti» vakillari qurbonlar yaqinlarini birgalikda qo‘llab-quvvatlashdi.

- Ha, axir hozir avvalo, terakt oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar va ularning yaqinlari haqida o‘ylash kerak. Boshqa masalalar shunchaki, ikkinchi darajali. Demakki, bu kabi dahshatli voqealar ro‘y berganida, futbol ham sekingina ortga suriladi, undagi o‘ziga xos raqiblik munosabati o‘z ahamiyatini yo‘qotadi, hisob. Xullas, «Yunayted» va «Siti»ning birlashishida g‘ayritabiiylik yo‘q.

- Umuman, Yevropa Ligasidagi g‘alaba jamoangiz uchun nechog‘li muhim edi?

- Birinchidan, sovrin yutish doimo yoqimli. Ikkinchidan, YELdagi g‘alaba tufayli Chempionlar Ligasiga yo‘l ochdik. Misol uchun, fantastik mavsumni o‘tkazgan «Tottenxem» chempionatda 2-o‘rinni egalladi, ammo biror sovrin yutgani yo‘q. Endi taqqoslang, biz xuddi «taqachilar» kabi CHLning yangi mavsumida kurashni guruh bosqichidan boshlaymiz.

- Xo‘sh, «Manchester Yunayted» mabodo bu safar ham Chempionlar Ligasidan chetda qolganida, nima bo‘lardi...?

- Tasavvur qilish ham qo‘rqinchli. CHLda ishtirok etish «MYU» uchun naqadar muhimligi barchaga ayon. Oxirgi 3-4ta intervyuda Stokgolm finalini o‘z foydamizga hal qilishimiz shartligini bejiz qayta-qayta takrorlaganim yo‘q. Oddiy aytganda, o‘yinda g‘alaba qozonishga mahkum edik va muhimi, buni uddaladik.

- Mourinyoning final o‘yinlarida bunchalik omadli ekanligida qandaydir sir bormi?

- O‘ylaymanki, uning siri oddiy: shunchaki, qanday g‘alaba qozonishni juda yaxshi biladi. Doimo shunday bo‘lgan. Mourinyo har bir hal qiluvchi o‘yin arafasida shunday tetik ko‘rinadiki, hech kim uni yengolmaydigandek tuyuladi. Tabiiyki, murabbiyning holati futbolchilarga ham ijobiy ta’sir qiladi. Ha, Jozening asosiy siri uning ishonchli nigohida yashiringan bo‘lsa, ajabmas.

- Oxirgi finalga qaratilgan tayyorgarlik jarayoni avvalgilaridan nechog‘li farqlandi?

- Ko‘pchilik taxmin qilgandek, bu masalada farq katta emas. To‘g‘ri, yangiliklar bor edi, albatta. O‘zi tayyorgarlik ishlarida doimo nimadir o‘zgarib turadi. Bunda o‘yinning final yoki odatiy taqvim uchrashuvi ekanligi ortiqcha ahamiyat kasb etmaydi. Xususan, Shvesiyaga yo‘l olish arafasida ham mashg‘ulotlarda ba’zi o‘zgarishlar kuzatilgan bo‘lsada, qandaydir noodatiy narsa bilan shug‘ullanganimiz yo‘q.

- Xalqaro turnirdagi g‘alabaga qaramay, jamoaga ser Aleks Fergyuson yetishmayotgani ko‘p bora ta’kidlanmoqda. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Natijalarni nazarda tutsak, bahslashish qiyin: oxirgi yillar chempionatda kuchli to‘rtlikdan joy olish uddasidan chiqolmayapmiz. Ser Aleks davrida esa bunaqasi kuzatilmasdi. Ishonchim komil, u «MYU» hayotida nihoyat katta rol bajarardi.

- Jon Terri yaqinda «Chelsi» tarkibida oxirgi marta maydonga tushdi. Shu ma’noda aytsak, sizning «MYU»dagi xayrlashuv uchrashuvingiz qachon bo‘ladi?

- Bilmadim! Ochiq gap - bu masalada aniq ma’lumotga ega emasman. Umuman, ayni hozir ketish yoki qolish xususida hattoki, o‘ylashni ham xohlamayman. Chunonchi, shu kunlarda men uchun eng muhimi - oila davrasida bo‘lish.

- Aytingchi, Mourinyo bilan o‘z kelajagingiz masalasida alohida gaplashish niyatingiz bormi va qachon shunday qilmoqchisiz?

- Bunisini ham bilmayman. Har holda, bunday uchrashuvni rejalashtirgan emasmiz. Bu borada faqat bir gapni aytishim mumkin: Joze jamoa bilan xayrlashishimni istamaydi.

- Kelajak xususidagi yakuniy qaroringiz «MYU»ning yozgi transferlar bozorida amalga oshiradigan xaridlariga ham bevosita bog‘liq bo‘lsa kerak.

- Yo‘q, transferlar ko‘lami mutlaqo ta’sir qilmaydi. Zero, barchasini avvalo, faqat o‘z holatimga qarab, hal qilaman. O‘ylaymanki, keyingi haftalar yakuniy to‘xtamga kelaman. Keling, yana ozgina sabr qilaylik.

- Yakunlangan mavsumning sezilarli qismida maydonga tushmadingiz. Nahotki, yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotganingiz yakuniy qaroringizga ta’sir qilmasa?

- Alohida ta’kidlayman, birinchi navbatda - jamoaviy futbolchiman. Oxirgi mavsumda ko‘pincha tarkibga kirmaganimdan ortiqcha hayratlanganim ham yo‘q. Bu Joze Mourinyoning qarori. Hammasi oddiy: murabbiy xizmatimga ehtiyoj sezsa, albatta, maydonga tushiradi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:05, 04.06.2017.
O'qildi: 5148 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.