Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Yosh polvonlarimiz Finlyandiyadagi jahon chempionatini 3ta medal bilan yakunlashdi

Yosh polvonlarimiz Finlyandiyadagi jahon chempionatini 3ta medal bilan yakunlashdi

Baho:
+ | -

Finlyandiyaning Tampere shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining 13 nafar a’zosi ham ishtirok etdi. Erkin va yunon-rum kurashlari bo‘yicha terma jamoamiz tarkibiga beshtadan sportchi kiritilgan bo‘lsa, ayollar kurashida uch nafar qizimiz yurtimiz sharafini himoya qilishdi.

Erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda -74 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan Isa Shapiyev o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini sezilarli ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratgan holda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yarim finalda yaponiyalik raqibini ortiqcha qiyinchiliksiz yenggan - 2017 yilgi Osiyo chempionati kumush medali sohibi Isa Shapiyev hal qiluvchi bahsda jahonning amaldagi chempioni amerikalik Mayk Jon Xoll II ga qarshi kurash olib bordi. Keskin va murosasiz ruhda kechgan bahsda tajriba o‘z so‘zini aytdi va AQSHlik sportchi qatorasiga ikkinchi marta o‘z vazn toifasida jahonning tengsiz polvoni ekanlignini amalda isbotlay oldi. Isa Shapiyev esa bu safar kumush medal bilan kifoyalandi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida Ilhom Bahromov musobaqa davomida turkiyalik Jemal Mutlu, qozog‘istonlik Alpomish Dostonbekni mag‘lubiyatga uchratib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Avvalgi jahon chempionatida kumush medaliga sazovor bo‘lgan Ilhom afsuski bu safar final yo‘llanmasi taqdiri hal bo‘lgan bellashuvda amaldagi jahon chempioni - eronlik Poya Sulat Dadmarzga kichik hisobda yutqazdi. Shunga qaramay bronza medali uchun kurashish imkoniyatini saqlab qolgan Bahromov xitoylik Xay Feng Chengni yengib, shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.

Terma jamoamizga Finlyandiyadagi jahon chempionatida so‘nggi medalni yunon-rum kurashi bo‘yicha 55 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan To‘rabek Tirkashev taqdim etdi. To‘rabek ilk bahsda AQSH vakili Randon Dryu Mirandani 6:5 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, chorak finalda xitoylik Liguo Saodan 9:1 hisobida ustun keldi. Biroq, hamyurtimiz yarim finalda turkiyalik Kerem Kamalga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bronza medali taqdiri hal bo‘lgan bahsda esa 2015 yilgi Osiyo chempioni To‘rabek Tirkashev moldovalik Sergey Jepanga hech qanda imkoniyat qoldirmadi va jangni 8:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Demak bu safargi jahon chempionatida o‘zbek polvonlari 1 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ega chiqishdi.

Sport krashlari bo‘yicha terma jamoamizni oldinda yana bir jiddiy sinov kutib turibdi. 21-26 avgust kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida kattalar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi yilning eng muhim va asosiy musobaqasiga qizg‘in tayyorgarlik olib bormoqda. Yaqin kunlarda terma jamoamiz murabbiylar shtabi Parij arenalarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar nomini e’lon qilishadi. Biz esa o‘zbek polvonlariga bo‘lajak muhim bellashuvlarda ham omad va zafarlar tilab qolamiz.

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 10:43, 07.08.2017.
O'qildi: 2860 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.