Amaldagi chempion - «Lokomotiv» oxirgi paytlar legionerlar masalasida asosiy e’tiborini Afrika bozoriga qaratmoqda.
Mavsum boshida Nyore Krizo va Muhammad Kone kabi afrikalik yigitlar jamoa safini to‘ldirishgandi. Davralar oralig‘ida esa 18 yoshli iste’dod egasi Olabiran Blessing Muyiva «temiryo‘lchilar» a’zosiga aylandi.
Xo‘sh, hujumkor futbolchining yangi jamoadagi ishlari qanday ketyapti? U O‘zbekiston chempionatiga kelganidan xursandmi? Yaqinda Olariban bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
- Olabiran, avvaliga o‘z haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz...
- Aslida nigeriyalikman, lekin yoshligimdayoq oilamiz Kot-d'Ivuar poytaxti - Abidjanga ko‘chib o‘tgan. Aynan o‘sha yerda bolalar bilan futbol o‘ynash asnosida ushbu sport turiga qattiq mehr qo‘ydim. Ochig‘i, ko‘chadagi ilk o‘yinlar shunchalik ta’sir qilgandiki, kelajagimni futbolsiz tasavvur qilolmay qolgandim. Xullas, oradan ko‘p o‘tmay, Abidjan futbol maktabiga qatnay boshladim. Sekin-asta turli musobaqalarda ishtirok etib, mahoratimni oshirib borganim sari professional klublardan chorlovlar oldim. Shu tariqa jiddiy taklifni ilgari surgan «Abidjan Siti» bilan rasman shartnoma tuzdim. O‘shanda jamoa vakillari menga asosiy tarkibdan joy berishlarini aytgandilar. Umuman, Kot-d~Ivuar birinchi divizionida qatnashadigan «Abidjan Siti»da 2 yil o‘ynadim va ancha-muncha tajriba to‘pladim. Eng asosiysi, va’da qilingan o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim. Keyinchalik agentlar o‘z salohiyatimni xorij jamoalarida sinab ko‘rishim mumkinligini aytishdi...
- Natijada Moldova chempionatiga yo‘l oldingiz...
- Ha, shunday. «Saksan» klubi taklifini qabul qilib, adashmadim. Har holda, ushbu jamoada o‘ynash yanada o‘sishimga turtki berdi. Zero, ilk bor xorijda yashadim, begona muhitda o‘ynadim, yangi darajaga moslashishni o‘rgandim. Eng muhimi, «Saksan» o‘yiniga kirishib ketishda ortiqcha qiynalmadim. Garchi 17 yoshda bo‘lsamda, murabbiylar menga katta ishonch bildirib, darhol asosiy tarkibga qo‘shishdi. Buning samarasi o‘laroq, jamoaning 15ta o‘yinida qatnashib, 2ta gol urdim, yana 6 marta assistentlik vazifasini bajardim.
- Qiziq, «Lokomotiv» varianti qanday yuzaga keldi?
- Oddiy - O‘zbekiston chempioni dastlab ko‘rikka taklif etdi. Shu tariqa 2 oycha «Lokomotiv» mashg‘ulotlarida qatnashdim. Keyin jamoa safida Belarus yig‘iniga bordim. Murabbiylar aynan shu yig‘in chog‘i meni nazorat uchrashuvlarida sinab ko‘rishdi. Harakatlarim murabbiylar shtabiga ma’qul kelgan ko‘rinadi, yig‘in yakunlangach, rahbariyat shartnoma taklif qildi.
- Jamoa vakillari sizni qanday qarshi olishdi?
- A’lo darajada! Ochig‘i, ichki muhitga gap yo‘q - yigitlar juda ahil. Yana barcha futbolchilarning quvnoq va xushchaqchaq ekanliklari ma’qul tushdi. Umuman olganda, o‘zbekistonliklarga xos mehmondo‘stlikdan lol qoldim. Alohida aytishim kerak, nafaqat klubda, balki ko‘cha-ko‘yda ham men bilan iliq munosabatda bo‘lishyapti va bu juda yoqimli holat.
- Nima, ko‘nikish jarayonida biror qiyinchilikka duch kelmayapsizmi?
- Yo‘q, aslo. Bilasiz, «Lokomotiv»da Kot-d~ivuarlik himoyachi Muhammad Kone ham bor. U ham ko‘p jabhalarda katta yordam bermoqda. Qolaversa, jamoadoshlarim befarq qarashmayapti. Ya’ni biror muammo chiqsa, o‘z yordamlarini ayamayaptilar.
- Hattoki, til borasida, ya’ni jamoadoshlar bilan muloqot qilishda ham mushkulot yo‘qmi?
- Yo‘q, hisobi. Chunki Moldovada o‘ynagan payt rus tilini oz-moz o‘rganishga ulgurgandim. To‘g‘ri, ruschada to‘liq muloqot qilolmasam-da, ko‘p narsani tushunaman. Endi esa asta-sekin o‘zbek tili bo‘yicha ham shaxsiy lug‘atimni boyitib boryapman. Qolaversa, jamoamiz ustozi Mirko Yelichich ingliz tilini yaxshi biladi. Mirko ba’zan ko‘rsatma berish jarayonida barchasini inglizchada tushuntiradi.
- «Lokomotiv»dagi rasmiy debyutingizdan qanday taassurot qoldi?
- Yangi jamoa tarkibida ilk marta «Mash’al»ga qarshi kechgan uchrashuvda maydonga tushdim. Aniqrog‘i, so‘nggi daqiqalarda o‘yinga qo‘shildim. O‘sha kuni yigitlar meni maydonda ham, kiyinish xonasida ham birdek qo‘llab-quvvatlashdi, ruhan dalda berishdi. Ochig‘i, bunday munosabatdan boshim osmonga yetdi. Futbol - jamoaviy o‘yin. Demakki, jamoadagi ahillik - muvaffaqiyat garovi.
- Ayni payt oldingizga qanday vazifalar qo‘ymoqdasiz?
- Birinchi navbatda, «Lokomotiv»ning boshlang‘ich tarkibidan joy olishim kerak. Mashg‘ulotlar jarayonida qattiq ishlash va o‘zimni ko‘rsatishga urinyapman. Nasib etsa, yaqin vaqtlar ichida «Loko»ning asosiy futbolchilari qatoriga qo‘shilaman. To‘g‘ri, aytish oson, amalda ko‘rsatish qiyin. Lekin chin dildan mehnat qilib, o‘z ustimda ishlashdan to‘xtamasam, maqsadga erishaman, albatta.