Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

A’zam Aliyev: "Navbahor" darvozasiga penalti yo‘q edi"

A’zam Aliyev: "Navbahor" darvozasiga penalti yo‘q edi"

Baho:
+ | -

Oliy liganing ikkinchi davra bahslarini ko‘tarinki kayfiyatda boshlagan Namanganning «Navbahor» jamoasi 20-turga kelib mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi.

Muborakda «Mash’al» jamoasi mehmoni bo‘lgan «lochinlar» 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. Biz esa o‘yindan keyin «Navbahor»ning iqtidorli futbolchisi A’zam Aliyev bilan bog‘lanib mag‘lubiyat sabablari va boshqa masalalar xususida suhbatlashdik.
- A’zamjon suhbatimizni «Mash’al»ga qarshi kechgan o‘yin haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.
- O‘yin yaxshi o‘tdi. Har ikkala jamoada ham gol urish uchun bir qancha qulay vaziyatlar yuzaga keldi. Lekin raqiblarimiz ham, biz ham ulardan foydalana olmadik. O‘tkazib yuborgan gollarimizga keladigan bo‘lsak, birinchi gol penaltidan urildi. Lekin shuni aytishim kerakki o‘sha vaziyatda penalti yo‘q edi. Ikkinchi gol esa himoyadagi xatolarimiz evaziga kiritildi. Xullas o‘yinning qanday kechganiga qarab baho beradigan bo‘lsam, bu o‘yin ko‘proq durang natijaga mos tarzda o‘tdi. Biz o‘z xatolarimiz evaziga mag‘lubiyatga uchradik.
- Belgilangan penalti haqida batafsilroq to‘xtala olasizmi?
- Albatta, o‘sha vaziyatda to‘p qo‘limga emas yuzimga kelib tegdi. Buning oqibatida esa kichik jarohat ham oldim. Lekin hakam to‘p qo‘lga tegdi deb baholadi va penalti belgiladi. Keyinchalik hakamga noto‘g‘ri qaror chiqarganini aytganimda, u o‘yinchilar orasida yaqqol ko‘rinmaganini, to‘p esa qo‘lga tekkanday tuyulgani uchun penalti belgilaganini ta’kidladi. Vaholanki o‘sha vaziyatda qo‘llarim to‘pga nisbatan pastda edi.
- O‘zi umuman olganda bu yil «Navbahor» penaltilardan eng ko‘p aziyat chekayotgan jamoa bo‘lib turibdi. Bu masalaga bosh murabbiy jiddiyroq yondoshmasa bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.
- To‘g‘ri bu yil darvozamizga juda ko‘p penalti belgilandi, lekin ularning hammasini ham haqqoniy deb bo‘lmaydi. Biz iloji boricha jarima maydoni ichida hushyor o‘ynashga intilyapmiz, biroq ayrim vaziyatlarda hakamlarning xatosi biz uchun qimmatga tushib qolyapti.
- «Mash’al»ning bugungi kuchiga qanday baho berasiz?
- «Mash’al», mahoratli va tezkor futbolchilardan tashkil topgan kuchli jamoa. Ayniqsa ular qarshi hujumga juda tez o‘ta olishadi. Masalan ular tezkor qarshi hujum samarasi o‘laroq bizni ikki bor jazolashdi.
- «Navbahor» jamoasi o‘yinga oz soatlar qolgandagina Muborakka yetib bordi. Ehtimol futbolchilarda charchoq alomatlari sezilib qolgandir?
- Yo‘q unday deb o‘ylamayman. To‘g‘ri o‘yin avvalida hududdagi issiq havo futbolchilarga erkin harakatlanishlari uchun qiyinchilik tug‘dirdi lekin keyinchalik havoga moslashib o‘z o‘yinimizni ko‘rsata boshladik. Shaxsan menda charchoq alomatlari sezilmadi.
- Sizning jismoniy holatingiz bilan ko‘pchilik qiziqadi. Aytaylik 90 daqiqa davomida bir maromda harakat qila olasiz. Bunday jismoniy barqarorlikka qanday erishasiz?
- Ochig‘i bunday e’tirofni Sizdan eshityapman. Bu yerda hech qanday sir yo‘q. Doim barcha jamoadoshlarim bilan bir xil mashg‘ulot olib boraman. Tanovvul qiladigan ovqatlarimiz ham bir xil.
- Ko‘ryapmizki «Navbahor» raqib jarima maydoni atrofida standart vaziyatga ega bo‘lsa, hujumchilarga yordamga bormayapsiz. Bu murabbiyning ko‘rsatmasimi yoki Sizning bo‘yingiz unchalik uzun emasligi bilan bog‘liqmi?
- Bu murabbiyimizning ko‘rsatmasi. Chunki jamoa hujum qilayotgan paytda himoyani ham unutmaslik kerak. Agar Abbos Maxstaliyev maydonda bo‘lsa uning joyiga qarab ko‘rsatmalar o‘zgarib turadi.
- «Lochinlar» 21-turda Bekobodning «Metallurg» jamoasini qabul qilishadi. Ushbu bahsdan nimalarni kutyapsiz?
- Ushbu o‘yinga ham doimgidek jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, g‘alaba qozonib muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz. Qolaversa biz joriy mavsumda o‘z maydonimizda mag‘lubiyatga uchramaslikni maqsad qilganmiz. Nasib qilsa «Metallurg» jamoasiga qarshi o‘yinda ham mavsum boshidan beri qayd etib kelayotgan mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettiramiz deb o‘ylayman.
- Rahbariyat kelgusidagi rejalar haqida futbolchilar bilan muloqot qilyaptimi?
- Albatta, ko‘ryapsizki bu yilgi tarkibimiz avvalgi yillarga nisbatan ancha kuchli. Shuningdek jamoa yaxshi shakllanib boryapti. Shundan kelib chiqqan holda rahbarlar birinchi navbatda ushbu tarkibni saqlab qolishni maqsad qilishgan. Kelgusi yili «Navbahor» jamoasi sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa bo‘lib shakllanishini istashmoqda.
- Milliy terma jamoamiz haqida biroz suhbatlashsak. Jahon chempionatida ishtirok etish huquqidan yana mahrum bo‘ldik. Terma jamoamizning omadsiz ishtiroki haqida nima deysiz?  
- Albatta, bundan barcha yurtdoshlarimiz qatori biz ham afsusdamiz. Chunki futbolchilarimizning JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlarini juda ham xohlagandik. Afsus bu o‘xshamadi. Lekin Qatardagi navbatdagi mundialda albatta O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etadi deb o‘ylayman.
- «Navbahor» safida ayni paytda terma jamoa safida o‘ynay oladigan yosh futbolchilar bormi?
- Bo‘lmasamchi. Masalan jamoadoshim Aziz Turg‘unboyev shu yo‘sinda mehnat qilishda davom etsa, albatta terma jamoa murabbiylari tomonidan taklif oladi. Umuman olganda jamoamizda iqtidorli yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularni ham vaqti kelib terma safida sinab ko‘rish foydadan holi bo‘lmaydi.
- Muxlislarga aytar gaplaringiz bo‘lsa marhamat.
- Ma’lumki «Navbahor» muxlislari mamlakatimizda tengsizlar. Men va jamoadoshlarim o‘ziga xos an’analar hamda shonli tarixi, qolaversa, fidoiy muxlislariga ega bunday jamoada to‘p tepayotganimizdan faxrlanamiz! Hozirda «Navbahor» jamoasining barcha futbolchilari bir maqsad yo‘lida yakdillik bilan Namangan ahli va muxlislarini o‘ziga xos g‘alabalar bilan xushnud etishga bel bog‘laganmiz. O‘z navbatida muxlislarimizning stadionga tashrif buyurib, bizni bo‘lajak o‘yinlarda qo‘llab quvvatlashlarini so‘ragan bo‘lardim. Zero biz uchun muxlislar mehri va ishonchi juda muhim.   

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 10:18, 13.09.2017.
O'qildi: 3081 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.