“Metallurg-Woman”: 2017 yilgi mavsum sarhisobi
Yakuniga yetib borayotgan 2017 yil O‘zbekiston ayollar futbolida yangi sahifa ochdi. Toshkentning “Baho”(1996), “Chehra/Dilnoza”(1995, 1998), Andijonning “Andijanka”(1997, 1999, 2000, 2002, 2003, 2005), Namanganning “Gulbahor” (2001) hamda Qarshining “Sevinch” (2004, 2006-2016) jamoalaridan keyin O‘zbekistonning oltinchi chempioni Toshkent viloyatida yuz ochdi. Bu Bekobodning “Metallurg-Woman” jamoasi edi.
Bekobodliklar maqsadlariga erishguncha uzoq, mashaqqatli, shuning barobarida maroqli yo‘lni bosib o‘tishdi. Tashkil etilgan yiliyoq sovrindorlar safiga kirishi futbol jamoatchiligi tomonidan “syurpriz” – kutilmagan hol deb qabul qilingan bo‘lsa, besh yil davomida “Metallurg-Woman” aslida katta maqsadlar sari dadil qadam tashlayotganligini isbotladi.
Keyingi mavsumdayoq ayollar futbolimizdagi ikkinchi musobaqa – O‘zbekiston kubogidagi yorqin g‘alaba buning isboti bo‘ldi. Mamlakat chempionatida gegemonligini o‘rnatgan Qarshining “Sevinch” hamda Andijonning “Andijanka” jamoalarining tinchi buzildi. Ayniqsa andijonliklarga qiyin bo‘ldi.
Zero, Toshkent viloyatidan tashqari poytaxtda ham ayollar futboliga e’tibor kuchayib, o‘ziga xos yana bir jamoa shakllanayotgan ediki, bu “Andijanka”ning sovrindorlar safidan o‘rin egallashiga ham imkon qoldirmasdi. Bu holat esa 2017 yilgi chempionatda o‘z aksini topdi.
Poytaxt viloyati vakillari maqsadlariga bosqichma bosqich, sabr-matonat bilan erishib bordilar. Avvaliga bronza medaliga sazovor bo‘lgan “Metallurg-Woman” keyinchalik O‘zbekiston kubogini, undan so‘ng O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Uchinchi o‘rin ikkinchi o‘ringa almashdi. Bronza medali sifati kumush medal sifatiga o‘zgardi. Tashkil etilganining beshinchi mavsumini esa bekobodliklar BESHGA topshirishdi! O‘zbekiston chempionatlari tarixida misli ko‘rilmagan natijalar qayd etildi.
“Metallurg-Woman” chempionatning barcha 20 ta uchrashuvida ochko yo‘qotmadi, faqat G‘ALABA qozondi!!! Raqiblardarvozasini ishg‘ol etish bo‘yicha ham chempionatlarimizning MUTLOQ rekordi o‘rnatildi. 20 ta o‘yinda “Metallurg-Woman” raqibalari darvozasiga naqd 133 ta gol urib, o‘z darvozalaridan bor yo‘g‘i 13 ta to‘p o‘tkazib yuborishdi.
Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqiga e’tibor bering – 120 ta! Bu ham rekord. O‘tgan mavsum esa jamoa to‘purari Ldyumila Karachik bitta mavsumda raqiblar darvozasiga gol o‘rish bo‘yicha ehtimol sayyoramizning eng yaxshi natijasini qayd etgandi – 67 ta gol!
Bunday to‘purarlikni mini futbolda – futzalda kuzatganmiz. Ammo katta futbolda kamdan kam uchraydigan sermahsullik albatta hali uzoq yillar futbolimiz tarixida saqlanib qolsa ajabmas.
Jamoa muvaffaqiyatlari haqida gapirarkan, “Metallurg-Woman” bosh murabbiyi Sherali Boboqulov birinchi navbatda klubda ishlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligiga urg‘u berdi: -“Metallurg” futbol klubida yaxshi bilasiz yaxshi an’ana bor. Ha deganda murabbiylarni ham, o‘yinchilarni ham almashtiravermaydi.
Boshlangan ishni oxirigacha yetkazish uchun doimo imkon beriladi. Klubimiz raisi Rustam To‘xtamurodovichning bu xislatlarini biz ayollar jamoamizda ham qo‘llayapmiz va kam bo‘lmadik. Qolaversa, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” hissadorlik jamiyati rahbariyatining xayrixohligi va ko‘magini doimo his etib kelayapmiz.
Shunday ekan, bu e’tibor, g‘amxo‘rliklarni albatta oqlashimiz lozim edi. Besh yil deganda eng katta maqsadimizga erishdik. Chempion bo‘ldik. Generallikni orzu qilmagan askar askar emas degan mashhur ibora yuradi xalq orasida. Futbolda ham shu! Eng yuksak marra bu mamlakat chempioni bo‘lish, mamlakatning eng kuchli jamoasiga aylanish.
2017 yilgi mavsumda “Metallurg-Woman” bugungi kunda O‘zbekistonning eng kuchli jamoasiga aylangangini isbotladi. O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi. Chorak finalada eng kuchli raqibimiz – “Sevinch”ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra bahslardan chiqarib yuborganimizdan so‘ng yarim finalda “Buxoro”ni, finalda esa Toshkentning “Bunyodkor” jamoasini dog‘da qoldirdik.
O‘zbekiston chempionatida mutloq ajoyib natija bilan barcha ta’qibchilarimizni ortda qoldirib ketdik. Bironta ham uchrashuvda yutqazmadik. Mavsum yakunida “oltin dubl”ni qayd etdik. Bu tarixiy yutuqlarimiz quvonchini birgalikda baham ko‘rish uchun Bekobod shahrimizga – taqdirlash marosimiga O‘zbekiston futbol federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovning shaxsan o‘zlari kelishlari, “Metallurg-Woman” qizlariga chempionatning oltin medallari va maxsus Chempionlik Kubogini topshirishlari bizga olam olam quvonch baxsh etdi.
Hali ayollar futboli tarixida bunaqasi bo‘lmagandi. Shu boisdan ham ko‘nglimiz faxr-iftixor tuyg‘ulari bilan to‘lib toshdi. Buning uchun O‘zbekiston futbol federasiyasi rahbariyatiga o‘zimizning samimiy minnatdorligimizni bildiramiz.
Yuksak maqsadlarni qo‘lga kiritish albatta osonmas. Faqatgina e’tiborning o‘zi kamlik qiladi. “Metallurg-Woman” chempionlik yo‘liga nazar tashlab beixtiyor o‘n ikki karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan “Sevinch”ning yo‘li ko‘z oldimga kelayapti...
To‘g‘ri e’tibor qilibsiz. Har qanday yutuqqa o‘z o‘zidan erishilmaydi. Bir tomondan rahbariyat tomonidan g‘amxo‘rlik, doimiy e’tibor va nazorat kerak. Ikkinchi tomondan va eng asosiysi tinimsiz izlanish, mehnat, mehnat va yana mehnat kerak. Ba’zi do‘stlarimiz bor – qo‘shtirnoq ichidagi – tirnoq tagidan kir qidiradigan, mablag‘ bo‘lgandan keyin hammayam chempion bo‘ladi-da, deb kesatishadi. Men ularning gapiga mutlaqo qo‘shilmayman. Mablag‘ini bo‘lar-bo‘lmasga, ko‘kka sovurib yurgan klublar qancha... Misol tariqasida keltirdim, ehtimol bizda bo‘lmasa, boshqa mamlakatlarda... Borda shunaqa klublar ham. Lekin ishni puxta, rejali tashkil etib, muxlislariga olam olam xursandchilik, quvonch ulashayotgan jamoalar ham yetarli. “Sevinch”ni yaxshi esladingiz. Men ham Vladislav Nikolayevich Xanni mamlakatimiz ayollar futboli taraqqiyotiga beqiyos ulush qo‘shgan mutaxassis, ustoz sifatida bilaman. U kishining faoliyatini, ishlarini zimdan o‘rganganman. Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, deb bejiz ta’kidlamagan adabiyotimiz asoschisi, alloma shoirimiz Alisher Navoiy hazratlari. “Sevinch”dan farqli o‘laroq, biz chempionlikkacha yo‘lni bosqichma bosqich bosib o‘tdik. Qarshiliklar 2003 yilda bronza medalini qo‘lga kiritishgach, keyingi mavsumdayoq chempion bo‘lishgan. Undan keyin bir yil ikkinchi o‘ringa tushib, 2006 yildan qatorasiga o‘nta mavsum peshqadamlikni hech kimga bermay kelishdi. Biz esa birinchi yili bronzaga sazovor bo‘ldik. Keyingi uchta mavsum vise-chempionlikka erishdik. Va nihoyat beshinchi mavsum O‘zbekiston chempioniga aylandik. Ikki marta O‘zbekiston kubogini, mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritdik. Albatta bu bilan cheklanib qolish niyatida emasmiz. Chempionlikka erishishning o‘zi mashaqqat, uni himoya etish esa undanda qiyin deyishadi. Endigi vazifa chempionligimizni himoya etishdir. Bir tomondan o‘z maktabini yaratib olgan “Sevinch” tish qayrab turibdi, ikkinchi tomondan poytaxt jamoalari kuchaymoqda. “Bunyodkor”dan tashqari “Paxtakor” ham kelgusi mavsum o‘z oldiga katta maqsad va vazifalarni qo‘yayotganligini eshitayapmiz. Qolaversa, an’anaviy tarzda kuchli o‘ynab kelgan “Andijanka”, poytaxt viloyatidagi derbimiz – “Olmaliq” bor. Xullas, keyingi mavsum bu yilgisiga qaraganda ham qiziqroq va murosasizroq o‘tishiga shubham yo‘q.
Jamoa muvaffaqiyatiga hissa qo‘shgan insonlar haqida to‘xtalsangiz...
Yuqorida aytib o‘tganimdek bu muvaffaqiyatimizda ulushi bor insonlar juda ko‘pchilik. “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” hissadorlik jamiyati rahbarlaridan tortib, “Metallurg” futbol klubi raisi Rustam Mirsodiqov, jamoa boshlig‘i Shavkat Saidov, bizdan o‘zlarining qimmatli maslahatlari ayamagan murabbiylar shtabi, ma’muriyatining yordamini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Men bilan yelkama yelka ishlagan yordamchilarim Abbos Abdullayev, Ilhom Hamzaliyev, Abduvali Mo‘minov, Bahrom Umarovga alohida tashakkur aytaman. Jamoa boshlig‘i Norbek Yuldashev, ma’murlarimiz, shifokoru, shoferlarimizning ham mehnatlarini qadrlayman va ulardan ham behad minnatdorman.
Bevosita jamoaga keladigan bo‘lsak, “Metallurg-Woman” yillar davomida shakllanib keldi. Chiziqlardagi kamchiliklarimizni sabr-bardosh bilan bartaraf etib, kuchaytirishga harakat qildik. Besh yil muqaddam futbolga endigina kirib kelgan qizlarimiz bugun tajribali, o‘z ishlarining ustalari bo‘lib ulg‘ayishganidan xursandman. Ularning aksariyati mamlakatimiz milliy va olimpiya terma jamoalarimizga nomzod sanalishadi.
Bu yilgi yutuqlarimiz zamirida seleksiya ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yganligimiz ham yordam berdi, deb o‘ylayman. Avvalgi mavsumlarda jamoa o‘yini Nargiza Abdurasulova, Albina Belyalova singari tajribali, mahoratli futbolchi qizlar asosiga qurilgandi. Belyalova katta futboldagi faoliyatini tugatdi. Abdurasulova esa poytaxtning “Bunyodkor” jamoasiga o‘tib ketdi. “Metallurg-Woman”da hujum chizig‘i eng kuchli chiziq sanalib kelingan. Endilikda markazni kuchaytirishimiz talab etilardi. Bu borada “Sevinch”ni tark etgan qizlar bizga qo‘l keldi. Xabaringiz bor, 2016 yilgi mavsumdan keyin “Sevinch” asosiy tarkibning deyarli barcha o‘yinchilariga javob berish, jamoani yoshartirish yo‘lini tanladi. Aksariyat qizlar G‘uzorning “Sho‘rtan-ledi” jamoasidan qo‘nim topdi. Chunki bu jamoaga qarshiliklarning to‘purar o‘yinchisi Zebo Jo‘rayeva o‘ynovchi murabbiy etib tayinlangandi. Biz esa asli poytaxt viloyati vakillari bo‘lgan Mahliyo Sarikova, Feruza Turdiboyeva, namanganlik Zumrad Nazarovalarni klubimizga chorladik. Qizlar taklifimizni qabul qilishdi va bu yilgi yutuqlarimizda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi. Jamoa pleymeykeri Mahfuza Turopova jarohatlaridan to‘liq forig‘ bo‘lgach, uning ham bu yilgi muvaffaqiyatlardagi ulushi beqiyos bo‘ldi. Bu yetakchi o‘yinchilar bilan yonma yon, yelkama yelka Yulduz Nabiyeva, Dildora Nozimova, Xolida Dadaboyeva, Nasiba Hojiyeva, Irodaxon Turdaliyeva, Lutfiniso Hamidova, Diyora Habibullayeva, Diyora Erkinova singari qizlarimiz mahoratlarini maromiga yetkazib olishdi. Qanot himoyachimiz Mavludaxon Munavvarovaning tajribasi qo‘l keldi. Darvozabonimiz Gulandom Boymatova ham mahoratini oshirdi. Yaqin o‘rinbosarlarimiz – Mohigul Ikromova, Nodira Mo‘ydinova, Nozima Ergasheva, Kamola Berdiyeva, Mahliyo Abdurashidova, Alina Demyanenko, O‘g‘iloy Ilasheva, Arina Smirnova, Orasta Tojiboyevalar ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib turishlari uchun poytaxtning “Lokomotiv” hamda Toshkent viloyatining “Olmaliq-vumen” jamoalariga ijaraga berdik. Qolaversa shahrimizda “Metallurg-vumen 2” jamoasi ham faoliyat olib borayapti. Keyingi yillarda asosiy tarkibga tayyor bo‘lgan qizlarimizni ortga qaytarish, ishga yanada mas’uliyat bilan yondoshish niyatidamiz.
Eng qiyin uchrashuvlar haqida...
Qiyin o‘yinlar bo‘ldi albatta. Amaldagi chempion “Sevinch”ga qarshi o‘tgan uchrashuvlar, “Bunyodkor”, “Andijanka” jamoalari bilan safar uchrashuvlari shular jumlasidandir. Ayniqsa “Sevinch” bilan Bekobodda kechgan o‘yinimiz har tomonlama og‘ir bo‘lgan. Bir tur muqaddam to‘purar hujumchimiz Lyudmila Karachik “qizil kartochka oldi”. Tabiiyki asosiy raqibga qarshi uchrashuvda u bizga yordam bera olmadi. Bu o‘yinga mijja qoqmay tayyorlandik. Yetakchi hujumchisiz qanday o‘ynash taktikasini ishlab chiqdik. Xudoga shukur, o‘ylarimiz, harakatlarimiz zoye ketmadi. “Sevinch” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin barcha ta’qibchilarimiz “Metallurg-woman”ning shashti, shiddatini tan olishdi.
2017 yilgi mavsumda ko‘ngilni xijil qiladigan jihatlar bo‘lmadimi?
Ish bor joyda kamchilik albatta bo‘ladi. Ammo meni xursand qilgan jihat oliy liga jamoalari mukammal chempionat tizimi - uy-safar o‘yinlariga ko‘nikishdi. Endilikda xuddi erkaklar o‘rtasidagi milliy chempionatlarimiz singari ayollar jamoalarimiz ham o‘z muxlislari ega bo‘lishayotir. Ayollar futboliga e’tibor avvalgiga qaraganda sezilarli ravishda oshdi. Muxlislar, mutaxassislar, homiylar tomonidan ham. O‘yinlarning sifati oshib borayapti. Barcha jamoalarda oldinga siljish yaqqol ko‘rinyapti. Misol uchun chempionlik uchun “Sevinch” va “Metallurg” o‘rtasida kurashga bu yil “Bunyodkor” ham qo‘shildi. “Andijanka” an’anaviy ravishda barcha raqiblarga muammolar tug‘dirgan bo‘lsa, o‘z yo‘lini topib borayotgan jamoalar “Olmaliq”, “Lokomotiv”, “Sho‘rtan”ning o‘yinlarini ham alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Ayollar futbol assosiasiyasi tugatilib, ayollar futboli yangilangan O‘zbekiston futbol federasiyasi Professional futbol ligasi ixtiyoriga o‘tishi ishlarimizni yanada markazlashishiga yordam beradi deb o‘ylayman. Birinchi navbatda o‘yinlarning taqvimini ishlab chiqish, hakamlar va nazoratchi hakamlar tayinlanishi borasidagi nuqsonlar bartaraf bo‘ladi, deb umid qilaman.
Yaqinda poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat katta akademik teatrida futbol bo‘yicha 2017 yilgi mavsum laureatlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Taassurotlaringiz...
Rostini aytsam bu darajadagi mukammal futbol tadbirini ko‘raman deb o‘ylamagandim. hammasi risoladagidek uyushtirilgan. Undan olam olam taassurotlar bilan qaytdim. Ilgarilari yil yakunlari bo‘yicha “E’tirof” ko‘rsatuvlarini havas ila tomosha qilardik. Futbol bo‘yicha 2017 yilgi mavsum laureatlarini taqdirlash marosimi xuddi biz orzu qilgan darajada tashkillashtirilibdi. Eng quvonarli jihati bu yildan e’tiboran “eng yaxshi ayol futbolchi” nominasiyasida ham g‘olib nomi aniqlandi. Bu keyingi yillarda ham an’anaviy ravishda davom etadi deb umid qilaman. Birinchi nomzod esa bizning jamoamiz vakilasi bo‘lganligi faxr iftixor tuyg‘ulariga chulg‘adi. Haqiqatan ham Ldyumila Karachik mamlakatimizning bugungi kundagi eng kuchli, mahoratli ayol futbolchisi sanaladi. U kabi tezkor, oniy lahzalarda to‘g‘ri qarorga keladigan, ishini mukammal bajaradigan, ajoyib texnika va dribling sohibalari yaqin qo‘shni mamlakat ayollar futbolida ham noyob desam yanglishmayman.
Keyingi mavsumga tayyorgarlik jarayoni qachon boshlanadi. Jamoa oldiga qanday vazifalar qo‘yildi?
Tayyorgarlikni yanvar oyidan boshlashni rejalashtirib turibmiz. Klub rahbariyati, muassislarimizning keyingi mavsumdan bizdan talabi bitta bo‘ladi – u ham bo‘lsa chempionlikni munosib himoya etish. Tabiiyki, O‘zbekiston kubogi uchun kurashamiz. Superkubokni ham qaytib olish niyatimiz yo‘q emas. Asosiy vazifa esa chiroyli, hujumkor o‘yin bilan birinchi navbatda Bekobod ahlini, qolaversa ayollar futbolining barcha muxlislarini xursand etishdir.
Bu yo‘lda Sizga, jamoaning barcha rahbariyatiga, futbolchi qizlarga omad yor bo‘lishini istaymiz. Maqsad va vazifalaringizni bajarishda kuch quvvat tilaymiz.
Rahmat.
Komiljon Jumayev suhbatlashdi.
Manba: www.metallurg-pfc.uz
Kiritildi: 15:18, 17.12.2017.
O'qildi: 2312 marta.
Fikrlar: 1 ta.