Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Zabihillo O‘rinboyev: «G‘olibona yurishni Osiyo chempionatida davom ettiramiz»

Zabihillo O‘rinboyev: «G‘olibona yurishni Osiyo chempionatida davom ettiramiz»

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi (U-23) Tailandning Buriram shahridan xalqaro turnir g‘olibi sifatida qaytdi.

Ravshan Haydarov shogirdlari M-150 Cup musobaqasi final uchrashuvida yaponiyalik tengqurlarini mag‘lub etishdi. Asosiy vaqtda kuchlar teng kelgach (2:2), penaltilar seriyasida omad yoshlarimizga kulib boqdi.

Ushbu g‘alaba terma jamoamizga bosh sovrin bilan birga 20 ming dollar miqdorida mukofot puli keltirdi. Terma jamoa sardori Zabihillo O‘rinboyev esa finalning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.

Qolaversa, u 4ta gol bilan M-15 Cupning eng yaxshi to‘purariga atalgan sovringa ham ega chiqdi. Terma jamoamiz delegasiyasi Toshkentga qaytgach, aynan Zabihilloni tortib turnir taasurotlari bilan qiziqdik.

- Zabihillo, chempionlik yo‘li og‘irligi tayin. Boz ustiga, ilk o‘yinda Myanma termasi bilan durang qayd etilgach, jamoamizga nisbatan ishonchsizlik tug‘ilgandi. Bu haqda nima deya olasiz?

- Ha, turnir darhaqiqat, biz uchun omadsiz boshlandi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, albatta. Bahona emas, aynan sabablar. Birinchidan, tarkibdagi yigitlar anchadan buyon birga o‘ynashmagandi. I

kkinchidan, asosiy e’tibor Osiyo chempionatiga qaratilgani bois, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va o‘rtoqlik uchrashuvlarida turli taktik sxemalar amalda sinab ko‘rildi.

Shu holat myanmaliklar bilan bahsda o‘z ta’sirini o‘tkazdi, chamamda. Muhimi, o‘yindan-o‘yinga jamoa harakatida yorqinlik ko‘zga tashlandi. Ya’ni o‘yinimiz kuchayib bordi va yakunda chempionlik shohsupasiga ko‘tarildik.

- Demakki, ilk turdagi durang sof tasodif, shundaymi?

- Menimcha, bunda aynan tasodifning o‘rni katta, albatta.

- Buriram tomon uzoq parvoz va ob-havo ham ta’sir qilgandir...

- Ha, bahona emasu, ko‘p jihatlar ta’siri sezildi. Lekin hammasi o‘z qo‘limizda edi. O‘sha birinchi o‘yindan keyin yigitlar o‘zaro jiddiy gaplashib oldik. Hammaning fikri bir joydan chiqdi - ayb o‘zimizda, barchasini to‘g‘rilash ham qo‘limizda!

- Balki raqib kuchiga to‘g‘ri baho berilmagandir...

- Yo‘q, aslo. Hech bir futbolchida raqibni mensimaslik holati kuzatilmadi. Maqsadimiz Osiyo chempionatida zafar quchish ekan, qit’aning har qanday jamoasiga jiddiy yondashishimiz shart.

- Guruh doirasidagi ikkinchi o‘yinda Vyetnam termasi mag‘lub etildi. Chunonchi, boshqa natija finalga olib chiqmasdi. Bu uchrashuv qanday o‘tdi?

- Avvaliga Vyetnam jamoasi o‘yinini obdon tahlil qildik. Aytish kerak, Vyetnam futbolida ijobiy tomonga yaxshigina siljish bor. Xususan, yoshlar termasi ham ancha kuchaygan. Aytganingizdek, o‘yinning ahamiyati yuqori edi.

Boz ustiga, vyetnamliklar bizdan ochko tortib olgan Myanma termasini yirik hisobda yenggandilar. Xullas, muxlislar va yaqinlarimiz ishonchini qaytarish uchun g‘alaba qozonishimiz talab etilardi.

Maydonga birinchi o‘yindan tegishli xulosalar chiqargan holda tushdik. Menimcha, aynan kuchli ishtiyoq evaziga kerakli natija qayd etdik.

- Finalda esa Yaponiya termasi bilan to‘qnash keldinglar. Raqib jiddiy, Osiyoning eng kuchli jamoalaridan bir. Ravshan Haydarov o‘yindan oldin qanday ko‘rsatmalar berdi? Hujumkor futbol namoyish etishni tayinladimi yoki ikkinchi raqam ostida harakatlanishni?

- Rejaga ko‘ra, vaziyat va o‘yinning borishiga qarab, hujumga o‘tishimiz kerak edi. Xususan, qarshi hujumlarga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi uqtirildi. Qaysidir holatda ikkinchi raqam ostida o‘ynashimizga ham to‘g‘ri keldi.

Birinchi golni aynan qarshi hujum natijasida urdik. Ikkinchisi ham o‘ng qanot bo‘ylab yurishdan so‘ng yuzaga keldi. Albatta, finalda «dubl»ga erishganim quvonchimni ikki hissa oshirdi. 

- Yaponlar esa standart vaziyatlardan unumli foydalanishdi. Raqibni o‘rganish chog‘i shu jihatga ham e’tibor qaratganmidinglar?

- Ha, yaponlar «stantart»da xavfli o‘ynashlarini bilardik. Raqib urgan birinchi golni olsak - bu jamoa sardorining individual mahorati mahsuli. U jarima zarbasidan foydalanib, darvozamizni chiroyli uslubda ishg‘ol qildi.

Ikkinchi golda esa xatoga yo‘l qo‘ydik. Ya’ni so‘nggi daqiqalarda biroz xotirjamlikka berildik va e’tiborni yo‘qotib qo‘ydik. Yaxshiyamki, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondik. Aks holda, juda alamli bo‘lardi. 

- Bu sovrin shaxsan siz uchun nechog‘li muhim?

- Ochig‘i, shunday g‘alabaga ehtiyoj sezayotgandik. To‘g‘ri, faoliyatim davomida 3 marta jahon chempionati final bosqichida ishtirok etganman. Lekin terma jamoa bilan biror turnirda g‘alaba nashidasini surmagandim.

- Buriramda terma jamoaga sardorlik qildingiz. Bu qo‘shimcha mas’uliyat yukladimi?

- Albatta. Har soniyada bog‘ich kuchini sezib turdim.

- Tashkilotchilik xususida nima deysiz?

- Musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun katta hajmda ish bajarishibdi. Buni aeroportda kutib olishgandayoq sezgandim. Xullas, tashkilotchilik yuzasidan hech qanday e’tiroz yo‘q.

- Osiyo chempionati final bosqichiga qur’a tashlandi: guruhda mezbon - Xitoy, shuningdek, Qatar va Ummon termalariga qarshi maydonga tushasizlar. Qur’a natijasi yoqdimi?

- Oldindan baralla gapirish qiyin. Guruhdagi 4ta jamoada birdek imkoniyat bor. Faqat hamma gap shu imkoniyatdan qay darajada foydalanishda. Tailand turniridagi muvaffaqiyat futbolchilarga qo‘shimcha kuch bag‘ishlashi aniq.

Har holda, Yaponiya termasi mag‘lub etilgach, futbolchilar ruhiyati yanada ko‘tarildi, o‘zimizga ishonch hissi ortdi. O‘ylaymanki, Osiyo chempionatida ham munosib ishtirok etamiz.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:09, 25.12.2017.
O'qildi: 2975 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.