Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Ravshan Haydarov: «Osiyo chempionatiga chempion bo‘lish maqsadida yo‘l olamiz»

Ravshan Haydarov: «Osiyo chempionatiga chempion bo‘lish maqsadida yo‘l olamiz»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston U23 terma jamoamiz yanvar oyida Osiyo chempionatida qatnashish etish uchun Xitoyga yo‘l olishadi. Bugun esa turnir oldidan terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov va bir nechta futbolchilar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

— Avvalo barchani, O‘zbekiston futbol ommasini kirib kelayotgan 2018 yil bilan tabriklayman. Mamlakatimiz futbol mavsumi yakunlanganidan keyin bir oy davomida bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlik ko‘rdik. Yig‘inlar davomida ko‘p futbolchilarni sinovdan o‘tkazdik. Bundan tashqari, Tailandda bo‘lib o‘tgan M150 xalqaro musobaqada ishtirok etdik. Ushbu turnir biz uchun har tomonlama foydali bo‘ldi. Tayyorgarlikning qolgan qismini Toshkentda maromiga yetkazishga harakat qildik. Qit’a chempionatida chempionlikni qo‘lga kiritish uchun harakat qilamiz. Umid qilaman, muxlislarning ishonchini oqlaymiz.

— Mazkur terma jamoani shakllantirishda Tokio-2020 olimpiadasi haqida ham o‘ylab ko‘rdingizmi?
— Bu haqida o‘yladik. Bu musobaqa yangi turnir bo‘lib, u bejizga joriy qilinmagan. Yosh futbolchilar 23 yoshga yetar-etmas katta futbolga qo‘shilib keta olmasligi mumkin. 1995 yilgi o‘yinchilar uchun bu toifa musobaqa bo‘lmaganida ular milliy terma jamoaga qo‘shilib ketishi qiyin bo‘lardi. Yoshlar jamoasi orqali milliy terma jamoaga qo‘shilish uchun futbolchilarda motivasiya yuqori bo‘ladi.

Agar faqat Tokio-2020 olimpiadasini ko‘zlagan holda jamoani 1997 yilda tug‘ilgan futbolchilardan tashkil etishimiz mumkin edi. Ammo terma jamoaga kirishga bir qadam qolgan futbolchilar uchun bu musobaqa juda katta yordam beradi. Hozirgi tarkibdagi 50 foiz olimpiya terma jamoasiga mos keladi. Mazkur musobaqadan keyin 23 yoshga kiradigan futbolchilar MTJga o‘tib ketishi kerak. Qolgan o‘yinchilar esa Tokio-2020ga borish uchun nomzod futbolchilar sifatida tayyor bo‘lib boradi.

— Rio-2016 saralash bosqichidagi olimpiya terma jamoasining muvaffaqiyatsizligi borasida nima deya olasiz.
— Eng katta muammo — Babayan boshchiligidagi terma jamoa musobaqaga 1 oy qolganda shakllantirilgan jamoa edi. Ularda o‘yin tashkil qilish borasida muammo bor edi, ular tarqoq edi. Hozirgi jamoa esa 3-4 yildan beri birga o‘ynab kelmoqda. Ular bir-birini yaxshi tushunishadi. Ichki muhit ham yaxshi.

— Guruhdagi raqiblarimiz saralash bosqichlarida o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni egallagan. Raqiblar o‘rganilmoqdami?
— Qatar bilan ko‘p o‘ynaganmiz, ularning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Xitoyga qarshi o‘yinlarda ishtirok etganmiz. Faqatgina Ummon bilan o‘ynamaganmiz. Ularning imkoniyatlarini videotasvirlar orqali o‘rganyapmiz. Raqiblarimiz kuchli, ularning safida atletik jihatdan kuchli o‘yinchilar bor. Yigitlarga raqib safidagi futbolchilarni o‘rgatib boryapmiz.

— Terma jamoamizning o‘yin uslubi va strategiyasi haqida nima deya olasiz?
— Turli o‘yin uslublarini futbolchilarga o‘rgatib boryapmiz. Bu jarayon Osiyo chempionati saralash bosqichida boshlangan. Yodingizda bo‘lsa, BAAda bo‘lib o‘tgan saralashda to‘g‘ri taktika tanlaganimiz uchun muvaffaqiyatga erisha oldik. FUtbolchilarning aqliy salohiyati oshgan. Tailanddagi turnir ham bizga as qotdi. U yerda turli uslublarni sinab ko‘rdik. Tailanddagi musobaqaning birinchi turida 10 kishi bo‘lib o‘ynashga to‘g‘ri keldi. Tanaffusda yigitlarga to‘g‘ri ko‘rsatma berganimiz bois ular ijobiy natijaga erishishdi. Vyetnamga qarshi o‘yinda natija uchun o‘ynashimiz kerak edi. O‘yinni nazorat qilishga hamda hisobni va kuchni saqlashga harakat qildik. Yaponiyaga qarshi finalda himoyaviy o‘yin ko‘rsatib, tezkor qarshi hujumdan foydalanishga harakat qildik. Demak, musobaqa davomida 3 xil o‘yinda o‘zimizni sinab ko‘rdik.

Hali kamchiliklarimiz bor. Raqib standartni amalga oshirayotganida to‘g‘ri himoyalanish borasida ish olib borayapmiz.

— Tailanddagi yig‘inda ba’zi futbolchilar jarohat oldi. Tayyorgarlik Toshkentda yakuniga yetkaza oldingizmi?
— Tailandda barcha futbolchilarning xizmatidan foydalana olmadim. Toshkentdagi yig‘in davomida esa "Nasaf"ga qarshi 2ta o‘yin o‘tkazdik. Buning uchun qarshiliklarga minnatdorchilik bildiraman. Bu o‘yinlardan juda katta foyda oldik. Futbolchilarning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib oldim. "Metallurg"ga qarshi bahsdan keyin 23 kishilik tarkibni aniqlab oldim.

— "Nasaf" va "Paxtakor" klublari 30 yanvar kuni OCHL saralash bosqichida ishtirok etadi. Agar O‘zbekiston U23 terma jamoasi finalga chiqadigan bo‘lsa, so‘nggi o‘yinni 27 yanvar kuni o‘tkazadi. Shu bois, "Nasaf" va "Paxtakor" o‘zining yetakchi o‘yinchilari xizmatidan foydalana olmasligi mumkin...
— Bu borasida hech qanday muammo yo‘q. Murabbiylar bilan kelishgan holda futbolchilarni terma jamoaga jalb qildik. Osiyo chempionatining nufuzini pasaytirishga urinilayotgani menga yoqmayapti. Bu rasmiy musobaqa. Qit’a chempionati. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilamiz. Buni klublarimiz normal qabul qilishyapti. Finalgacha yetib borishimizni barcha istamoqda. Barchasini klublar bilan kelishgan holda amalga oshiramiz.

— Yangi yil arafasida futbolchilar me’yoridan ortiq taom iste’mol qilib, formani yo‘qotib qo‘yishidan qo‘rqmayapsizmi?
— Har yig‘in avvalida futbolchilarning funksional holati va jismoniy tayyorgarligini tekshirib olamiz. O‘tgan kun barcha futbolchilardan yana bir marta normativ qabul qildik. Natijalar juda yaxshi bo‘ldi. Ularning jismoniy tayyorgarligida o‘sish kuzatilgan. Bu mehnatimizni qadrlashimiz kerak. Yangi yil tufayli buni yo‘qotib qo‘yishimiz lozim emas. 2 yanvar kuni futbolchilarni yana bir marta tekshiruvdan o‘tkazamiz. Buni futbolchilar yaxshi tushunishadi va sportchi uchun kerak bo‘lgan diyetani buzishmaydi. Ular professional va o‘z oldiga yuqori maqsadlar qo‘ygan.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 12:10, 30.12.2017.
O'qildi: 4852 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.