Bugun "Qo‘qon-1912" sardori Nosir Otaqo‘ziyevning tug‘ilgan kuni. Tajribali hujumchi bugun o‘zining 34 yoshini qarshi olmoqda. Shu munosabat bilan “Qo‘qon-1912” futbol klubi rahbariyati, murabbiylar shtabi, futbolchilar va muxlislar nomidan Nosirbekni chin yurakdan tabriklaymiz. Unga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, futbolchilik faoliyatida omadlar tilab qolamiz.
Quyida uning faoliyatiga doir qiziqarli maqolani hukmingizga havola etamiz.
Faoliyatining boshlanishi
Nosirbek Otaqo‘ziyev 1984 yil 30 yanvar kuni Rishton tumanida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatini Quvasoyning “Sementchi” jamoasida boshlagan. Ushbu jamoadagi yorqin o‘yinlari orqali Yuriy Sarkisyan nazariga tushgan hujumchi tez orada “Neftchi” tarkibiga kelib qo‘shiladi. Nosirbek “Neftchi”ga kelganida jamoaning hujum chizig‘idagi raqobat kuchli edi. Shunga qaramay, yosh hujumchi o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi va “Neftchi”ning yetakchilaridan biriga aylanadi. Farg‘onadagi to‘rt yillik faoliyati davomida Otaqo‘ziyev 116 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 48 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Chempionat to‘purari
2009 yilgi mavsum arafasida “Neftchi”ni tark etgan tajribali hujumchi Namanganning “Navbahor” jamoasi safiga borib qo‘shildi. U yerda 25 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobidagi gollari sonini yana to‘rtaga ko‘paytirib oldi.
2010 yil Nosir Otaqo‘ziyev hayotida unutilmas bo‘ldi. “Olmaliq” jamoasida o‘ynagan hujumchi mavsum davomida 13 ta to‘p kiritib, Alisher Xoliqov bilan birga O‘zbekiston chempionati to‘purari bo‘ldi.
Katta muvaffaqiyatlar
2011 yilgi mavsumni Nosirbek mamlakatimizning yana bir nomdor jamoasi “Nasaf” tarkibida o‘tkazdi. U yerda Otaqo‘ziyev faoliyatdagi eng yorqin damlarni o‘tkazdi. 2011 yilda “Ajdarlar” OFK kubogini qo‘lga kiritishdi. G‘olib jamoa safida Nosir Otaqo‘ziyev ham bor edi.
“Neftchi”ga qaytish
Ayni damda “Qo‘qon-1912” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Nosir Otaqo‘ziyev 2012 yilning ikkinchi yarimini “Olmaliq”da o‘tkazdi. 2013 yilning birinchi davrasida “Guliston” klubida to‘p surdi. 2013 yilning ikkinchi yarmidan esa Otaqo‘ziyev yana “Neftchi”ga qaytdi.
2015 yildan esa “Qo‘qon-1912” jamoasi a’zosiga aylandi. Shu kunga qadar Nosir Otaqo‘ziyev chempionat bahslari davomida 105 ta to‘p kiritib, ayni damda faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar orasida eng sermahsul o‘yinchi bo‘lib turibdi. Otaqo‘ziyev har bir mavsumda raqiblar darvozasiga yo‘l topa olgan.
Nosir Otaqo‘ziyev qo‘qonlik muxlislarning yoqimtoyiga aylanganini ham e’tirof etmasdan ilojimiz yo‘q. Aynan uning gollar jamoamizga muhim g‘alabalarini keltirgan.
Aytgancha, Nosirbek Otaqo‘ziyev uch marta O‘zbekiston milliy terma jamoasi libosida maydonga tushganini ham ta’kidlash joiz.
Uning keyingi faoliyatida ham omadlar tilab qolamiz.
Yana bir bor tug‘ilgan kun muborak, Nosirbek!