Germaniya terma jamoasi va Londonning «Arsenal» klubi yarim himoyachisi Mesut Ozil Turkiyaning Hurriyet nashriga intervyu berdi.
Suhbat chog‘ida futbolchi nima uchun Turkiya emas, balki Germaniya terma jamoasini tanlagani haqida gapirib o‘tdi.
- Mesut, kelib chiqishingiz bilan bog‘liq savollar sizni bir umr ta’qib qilsa kerak?
- Haqiqatan ham, savollardan charchadim. Lekin shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, turk bo‘lish bilan birga nemis hamman.
- Agar sizni Mesut emas, aytaylik, Mattias deb atashganida, faoliyatingizda qandaydir o‘zgarish bo‘larmidi?
- Balki. Ba’zida shu haqda o‘ylayman. 10-12 yoshligimda jamoalar ko‘rigida bo‘lardim. Esimda, zarbalarimdan so‘ng darvozabonlarning qo‘llari og‘rib qolardi. Lekin meni baribir, tarkibga qabul qilishmasdi.
O‘shanda Mattiaslar, Markuslar va Mixaellarni olishardi-yu, men chetda qolaverardim. Biroq eng muhimi - hozir mening qayerdaligim.
- Tarixiy vataningizdan uzoqda ulg‘aygan turksiz. Germaniyadagi hayot sizga nima berdi?
- Oilada to‘rt o‘g‘ilmiz. Uyda turk urf-odatlari bo‘yicha tarbiya topganmiz. Ko‘chada, maktabda, futbolda esa nemischa tarbiya bo‘lgan.
- Demak, nemischa o‘ylaysiz, lekin o‘zingizni turk deb hisoblaysiz?
- Xuddi shunday.
- Boshqacha bo‘lganida-chi?
- U yog‘i faqat Yaratganga ayon (kuladi).
- Avtobiografik kitobingizda yozishingizcha, pul yo‘qligi tufayli bog‘chaga borolmagansiz, ota-onangiz to‘lov qila olishmagan ekan. Hammasi shunchalik og‘ir bo‘lganmi?
- Kambag‘allikda o‘sganman. Onam maktabda farrosh edi, kuniga ikki mahal navbatchilik qilardi. Ertalabki soat 7dan 16gacha, keyin esa 19dan 22gacha ishlardi.
Uni deyarli ko‘rmasdim, o‘z hayotini biz uchun qurbon qilgandi. Onamning yagona maqsadi oilani ta’minlab, farzandlariga nurli kelajak berish edi.
- Otangiz-chi?
- Otam qayerlarda ishlamadi, deysiz. Fabrikada, kafeda, Opel avtosalonida... Shuningdek, bilyard zali ochishga harakat qilgan.
Ishsiz qolgan paytlari ham bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, bolaligimni yengil o‘tgan, deyish qiyin. Lekin oilamiz mustahkam edi.
- Bugun pulingiz yetarli, omadlisiz. Hayot siz istagandek kechdimi?
- Bir narsa deyish qiyin. Shunchaki, futbolni bolaligimdan yaxshi ko‘rganman. Akademiyada yurganimda, sport orqali pul ishlashni o‘ylamaganman. Bor-yo‘g‘i muvaffaqiyat qozonishni istaganman.
- Muvaffaqiyat sizni o‘zgartirdimi?
- Yo‘q, hamon o‘sha Mesutman. O‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarim bor va ularni zabt etishga intilyapman.
- Oila a’zolaringiz bilan turkchada gaplashgan bo‘lsangiz, nemis tilini o‘rganish qiyinchilik tug‘dirmaganmi?
- Men tug‘ilib-o‘sgan Bornshtrassda deyarli nemislar yo‘q edi. Bu ajablanarli, biz ulardan alohida yashardik. 4 yoshimgacha faqat turk tilida gaplashganman, nemischada esa qiynalardim.
Uni o‘rganishim juda cho‘zilib ketgan. Asosiysi, yillar o‘tib bu tilni to‘liq o‘zlashtirdim.
- Germaniya terma jamoasini tanlash qaroringizga ota-onangiz qanday qarashgan?
- Ular o‘zim bir qarorga kelishimga imkon yaratib berishgan. Onam Turkiyani tanlashimni istagan. U menga otam ikkovlari tug‘ilgan Zonguldak shahri haqida gapirib berardi.
Hattoki, u yerga borganman, lekin o‘zimni uyimdagidek his qilolmaganman. Otam esa Germaniya termasini tanlashimni istagan.
Xullas, barchasini o‘ylab ko‘rib, bir qarorga kelganman. Maqsadim jahon darajasidagi futbolchi bo‘lish edi. Shu bois ham Germaniyani tanlaganman.
- Aytishlaricha, Turkiya elchixonasida pasportingizni qayta qabul qilishni istashmagan ekan.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.