Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Zohir Qo‘ziboyev: "Dinamo"ga Superligaga chiqish uchun keldim"

Zohir Qo‘ziboyev: "Dinamo"ga Superligaga chiqish uchun keldim"

Baho:
+ | -

Ushbu haftada start oladigan Pro-Liga mavsumi oldidan “Dinamo” jamoasi tarkibni tajribali futbolchilar bilan kuchaytirdi. Superligaga chiqishni maqsad qilgan Samarqand klubining so‘nggi transferi “Mash’al” hujumchisi Zohir Qo‘ziboyevning “Dinamo”ga o‘tishi bo‘ldi. Yangi mavsum oldidan tajribali hujumchi «Dinamo» klubi matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Zohir, avvalo “Mash’al” jamoasini tark etishingiz haqida to‘xtalsangiz. Har holda aynan Muborak klubida tanilgangiz...

- Chindanam, aynan “Mash’al”dagi faoliyatim orqali muxlislarga tanildim, o‘sishga erishdim, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham chaqirildim. Muborak klubdagi faoliyatimni unutmayman. Bu jamoadagi rahbariyat va murabbiylardan minnatdorman. Jamoani tark etishimga sabab, har bir futbolchi faoliyatida bo‘lgani kabi menda ham so‘nggi mavsumda omadim uncha yurishmadi, o‘z o‘yinimdan ham qoniqmadim. Shu bois muhitni yangilash vaqti keldi deb hisobladim va jamoani tark etdim. “Mash’al”ni tajribali futbolchilar tark etishdi, tarkib ancha yangilandi. Umuman olganda, “Mash’al” va “Dinamo”ning Superligadan chiqarilib, Pro-Ligaga tushirilishi kutilmagan qaror bo‘ldi.

- Mavsumlar oralig‘ida boshqa jamoalardan ham takliflar bo‘lganmidi?

- “Mash’al”ni tark etganimdan keyin Superligada ishtirok etishi ma’lum bo‘lgan Farg‘onaning “Neftchi” klubidan taklif bo‘ldi. Jamoa yig‘inida ishtirok etdim, ammo yakunda jamoada qolmadim. So‘ng bir muddat G‘uzorning “Sho‘rtan” klubidan taklif olib, jamoa bilan birga shug‘ullandim. O‘shanda Pro-Liga klublaridan “Andijon” va “Dinamo”dan ham taklif tushgandi. Samarqand Qashqadaryoga yaqinligi va jiddiy maqsad qo‘yganligi bois “Dinamo”ga keldim.

- “Dinamo”ga o‘tishingiz qanday kechdi?

- Klub bosh menejeri Ilhom aka Sharipov meni jamoaga taklif etdilar. Bir hafta oldin klub bilan bir yillik shartnoma imzoladim. Ochig‘ini aytsam, Superligaga qaytish uchun “Dinamo”ga keldim. Bu jamoa Samarqand viloyatining bosh jamoasi ekanligi bois, o‘z oldiga Pro-Liga g‘olibligi va Superligaga chiqishni maqsad qilgan. Bu vazifani amalga oshirish uchun bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilamiz.

- Jamoa tarkibi bilan tanishishga ulgurdingiz. “Dinamo”ning Superligaga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Bir haftadan buyon “Dinamo” bilan Samarqandda so‘nggi tayyorgarliklarni olib borayapmiz. Jamoaga kelgan birinchi kunimdan buyon ko‘rayapmanki, ancha kuchli tarkib saralangan va eng asosiysi jamoadagi o‘zaro munosabat a’lo darajada. Barcha o‘zini ushbu katta oilaning bir a’zosidek his qiladi. “Dinamo”da “u mahalliy, u boshqa joydan kelib o‘ynayapti” degan gaplar umuman yo‘q. Kollektiv juda zo‘r, hech kim bir-biridan yordamini ayamaydi, juda yaxshi munosabatda bo‘ladi. Kollektiv eng avvalo, mana shunday do‘stona bo‘lsa, natija ham yaxshi bo‘ladi deb o‘ylayman.

- Tarkib borasida qanday fikrdasiz?

- Aytishim mumkinki, hozirgi tarkibdagi futbolchilarning teng yarimi bilan avvaldan aka-ukadekmiz. Jamoada Ilhom Yunusov, Akmal Bozorov, Jasur Azimov, Amirjon Safarov, Muydin Mamazulunov va bir qator Oliy Ligada o‘zini ko‘rsatib yurgan futbolchilar yig‘ilgan. Maradona Safarov, Muydin Mamazulunovlar bilan “Mash’al” safida birga to‘p surganmiz. Umuman olganda, jamoada tajriba va yosh iqtidorli futbolchilar uyg‘unligini ko‘rish mumkin.

- Yana qaysi jamoalar Superligaga chiqish uchun kurash olib boradi deb o‘ylaysiz?

- Shubhasizki, chempionat kurashlarga boy o‘tadi. “Dinamo”dan tashqari, “Mash’al”, “Surxon”, “Andijon”, “Istiqlol” klublari ham kurash olib borishsa kerak. Aytaylik, sobiq jamoa “Mash’al”ni olsak, ular o‘tgan yilgi tarkibni yarmini saqlab qolishdi va yangi futbolchilar bilan Superligaga chiqishni maqsad qilishgan. “Surxon” ham tarkibini yangilab, tajribali futbolchilar bilan chempionlik uchun kurashadi. «Sho‘rtan» yil asosan keyingi yil uchun poydevor yaratsa kerak. “Andijon”ga ham chaqirishgandi, Eldor Sakayev boshqaruvida jamoa Superligaga chiqishni maqsad qilgan. Hattoki Farg‘onadan “Istiqlol” ham yaxshi tarkib yig‘ib, Pro-Ligadan elitaga chiqmoqchi.

- Yangi formatdagi taqvim e’lon qilindi. “Dinamo” 1-turda Namanganda “Norin” bilan o‘ynasa, 2-turda dam olib, 3-turda Samarqandda sobiq jamoangiz, asosiy raqobatchisi “Mash’al”ga qarshi saf tortadi...

- PFL tomonidan jamoalarning ikkiga taqsimlanib, “A” va “V” guruhiga bo‘linishi chempionatni yanada qiziqarli o‘tishini ta’minlasa kerak. Endi har bir g‘alaba va ochkolar oltinga teng bo‘ladi. “Norin”ga qarshi dastlabki tur bahsi oson kechmaydi. “Mash’al” bilan o‘yinimiz esa har ikki jamoa uchun mavsumdagi eng muhim bahslardan biri bo‘lsa kerak. Umuman olganda, “A” guruhida barchada bir xil imkoniyat bo‘lib, 9 jamoa o‘zaro raqobatchiga aylanadi. Ko‘p guvoh bo‘lganman, samarqandlik muxlislar har doim “Dinamo”ni tinmay qo‘llab-quvvatlashadi. Shu ruhda davom etishsa, biz futbolchilar ham “Dinamo”ni Superligaga olib chiqish uchun bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz.

Usmon IBODOV suhbatlashdi.

Manba: fcdinamo.uz
Kiritildi: 12:56, 05.04.2018.
O'qildi: 2266 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.