Osiyo Chempionlar Ligasining saralash bahslari omadli boshlandi. Ayniqsa, «AGMK» klubi o‘z uyida ajoyib «kambek»ni amalga oshirgani olqishga sazovar. Bugun «AGMK»ning yangi ko‘rinishi haqida so‘z yuritamiz
Yangi bosh murabbiy va uning sevimli futbolchilari
Mirjalol Qosimov o‘zbek futbolida o‘z o‘yin uslubi va strategiyasiga ega murabbiylar sirasiga kiradi. Qosimov «AGMK» klubini yangi mavsumga, OCHL saralash o‘yinlariga tayyorlashi kerak edi. Xozircha, murabbiy birinchi imtihonni a’lo darajada topshirdi.
Ko‘pincha, Mirjalol Qosimov bir, yo ikkita tajribali futbolchilar atrofida yosh va iqtidorli futbolchilarni jamlagan ko‘yi ajoyib, jangovar jamoani tuzadi. Bu holat «Bunyodkor»ninggullagan davrida ham, cho‘kayotgan davrida ham birdek ijobiy natija bergan edi.Boy arab klublari o‘ynay olmaydigan tezkor sharq klublari bilan o‘lim guruhida bahs olib borgan «Bunyodkor»ning o‘yinlarini ko‘pchilik hali unutganicha yo‘q. Har bir murabbiyning «sevimli» futbolchilari bo‘ladi. Janob Qosimovning ana shunday maqtovga sazovor bir nechta yigitlari bor. Mirjamol Qosimov, Dilshod Jo‘rayev, Sardor Rahmonov, Akbar To‘rayev … Bu yigitlar «Istiqlol»ga qarshi uchrashuvda o‘z o‘yinlarini to‘liq namoyon eta oldilar va g‘alaba uchun zamin yaratishdi.
«AGMK» murabbiy tanlashda adashmadi.
Qosimov o‘zbek murabbiylari orasida xalqaro o‘yinlar tajbirasi bobida eng kuchli mutaxassis desak, adashmagan bo‘lamiz. O‘tgan mavsumda ichki chempionatimizda Qosimovning «bolalari» deyarli kichkina byudjet bilan ham mardonavor ishtirok eta olishgani so‘zimizga isbot bo‘lsa, ajab emas. Bizning futbol uchun bu murabbiy ko‘plab yosh iqtidorlarni kashf etgan va etishda davom etmoqda. Biz Mirjalol Qosimovga yangi klubdagi ishlariga omad va zafarlar tilab qolamiz.
Moliyaviy muammolar yuzaga kelmasa…
Hech kimga sir emas, klublarimizning 70 % mana 10 yildan beri moliyaviy muammolar sababli chempionatimizni raqobatbardosh qila olishmayapti. O‘tgan mavsumdagi «Buxoro» jamoasining birinchi davra va so‘nggi davradagi o‘yinlariga nazar tashlasangiz, farqni darhol sezishingiz aniq. Bu illat nafaqat «Buxoro», balki bashqa klublarimizda ham azaliy dardga aylanib bormoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan butun o‘zbek futbolining rivojini ortga surmoqda. Yangi mavsum boshida yaxshi murabbiy, iqtidorli yosh futbolchilarga tayangan jangovar ruhdagi «AGMK» klubi shu muammoni chetlab o‘ta olsa, yangi mavsumda ular poytaxt klublariga yaxshigana bosh og‘riq bo‘lishlari hech gap emas. Umid qilamizki, «AGMK»da yangi mavsumda hech qanday moliyaviy muammolar vujudga kelmaydi va klub o‘z tarixida ilk bor OCHL da nafaqat ishtirok etadi, balki turnir kashfiyotiga aylanadi deb, umid qilib qolamiz.
Y.U