Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Alirizo Beyranvand: «Mag‘lubiyat futbolning bir qismi»

Alirizo Beyranvand: «Mag‘lubiyat futbolning bir qismi»

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO / Futbolchilar
Rukn: Yangiliklar

Osiyo Chempionlar Ligasining navbatdagi turidan o‘rin olgan «Paxtakor» - «Persepolis» uchrashuvi muxlis-u mutaxassislar kutganidek shiddatli tarzda o‘tdi.

O‘zbek klublariga noqulay raqib sanalgan bu jamoa bilan avvalgi mavsum bir guruhdan o‘rin olgan «Nasaf» forslarni ikkala o‘yinda ham mag‘lub etolmagandi. Qarshiliklar qilolmagan yumushni joriy mavsum «Paxtakor» ajoyib tarzda uddaladi.

Igor Sergeev futbol bayrami qahramoniga aylangan bo‘lsada, raqib safida darvozabon Alirizo Beyranvand vakillarimiz tomonidan uyushtirilgan hujumlar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘la oldi.

Eron terma jamoasining asosiy posboni jahon chempionatidan so‘ng bir qator xorij jamoalaridan takliflar bo‘lishiga qaramay, o‘z klubida qoldi. Toshkentda o‘tkazilgan o‘yindan so‘ng Beyranvandga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

- Alirizo, avvalo, o‘yin xususidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. Raqibdan qanday futbol kutgan edingiz-u, ular qanday o‘yin ko‘rsatishdi?

- Qiyin o‘yin o‘tkazdik. «Paxtakor» o‘z uyida faqat hujumkor futbol ko‘rsatadi, buning isbotini bugungi bahsda ham ko‘rdik. Raqibga minglab muxlislarning olqishlashi ham qo‘shimcha kuch berdi. Mag‘lub bo‘lganimizga qaramasdan, yaxshi o‘yin o‘tkazdik. «Paxtakor» tartibli himoyalandi va yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalandi.

Mag‘lubiyatdan xafamiz, lekin bu futbolning bir qismi. To‘g‘risi, «Paxtakor» bizga ajoyib qarshilik ko‘rsatdi, o‘yinni nazorat qildi, yetarlicha hujumlar uyushtirdi va o‘zi uchun kerakli natijaga erisha oldi. Bu kabi bahslarda bitta xato ham qimmatga tushishi mumkin. Imkoniyatimiz boricha, oxirigacha kurashmoqchimiz.

- O‘zbek klublariga qarshi ikkinchi marotaba o‘ynayapsiz. «Nasaf» va «Paxtakor» o‘rtasidagi farqni sezdingizmi?

- Katta farq bor, baribir. Avvalgi mavsum o‘ynagan jamoamiz tarkibi nisbatan yoshroq edi. «Paxtakor»da yuqori saviyali va tajribali futbolchilar yetarli. Ularning aksariyati terma jamoa a’zolari sanaladi. Ayrimlari bilan xalqaro musobaqalarda to‘qnash kelganman.

O‘yindan oldin murabbiylar va jamoadoshlarim bilan ularni o‘rganib chiqqandik. So‘nggi soniyalarda tavakkal qilishdan boshqa choramiz yo‘q edi, shu sababli men ham oldinga o‘tdim. Ammo bu ham mag‘lubiyatdan qutulib qolish uchun yetarli bo‘lmadi.

- Jahon chempionatidan keyin xorij klublariga o‘tish imkoniyati tug‘ilmadimi?

- «Persepolis» tarkibiga qo‘shilgan paytimda u Osiyoning eng mashhur klublaridan biri ekanligini bilardim. Jamoamizda juda kuchli va yetuk mutaxassis ish olib bormoqda. To‘g‘risini aytaman, shu klubda yanada ko‘proq o‘ynashni istayman. JCH-2018dan keyin menga takliflar bo‘ldi. Lekin ma’lum sabablarga ko‘ra transferim amalga oshmay qoldi.

Faoliyatimdagi eng ajoyib voqealarni aynan shu klubda boshdan kechirdim. Osiyo Chempionlar Ligasi finalida qatnashdim. Faqatgina omad yuz o‘girgani sabab bosh sovrinni qo‘lga kiritolmadik. Orzum - Yevropaning eng taniqli klublaridan birida o‘ynash.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 11:48, 11.05.2019.
O'qildi: 2083 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.