Xabaringiz bor, joriy yilning may oyi respublikamizda “Sport oyligi” deb e’lon qilinib, oylik doirasida aholining keng qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga qaratilgan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri sifatida o‘tgan dam olish kunlarida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi markaziy apparati hamda vazirlik tizimidagi respublika tashkilotlari xodimlari ishtirokida sportning mini-futbol, stol tennisi va suzish turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Qizg‘in bahslarga boy o‘tgan futbol musobaqasida birinchi o‘rinni vazirlikning “Yoshlik” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni vazirlik xodimlaridan tarkib topgan “Sport” jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Sport yakka kurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga jamoasiga nasib etdi.
Stol tennisi bo‘yicha bahslarda esa Suv sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati uslubchisi Fozilbek Xonxo‘jayev birinchi o‘rinni egalladi.Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga mos ravishda vazirlikning Milliy terma jamoalarni saralash (seleksiya), shakllantirish va tayyorlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Jamshidbek Xasanov va Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i Isomiddin Po‘latov sazovor bo‘lishdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati suzish havzasida o‘tkazilgan 50 metrga suzish musobaqasida vazirlik buxgalteriyasi bosh mutaxassisi G‘aybullayev Eldor 38 soniya natija ko‘rsatib marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Ikkinchi o‘rinni Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybekjon Raxmanov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Fan, sport va ta’lim muassasalarini ilmiy metodik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Jo‘rayevga nasib etdi.