Hamyurtimiz Ravshan Ermatovning odil hakamligi uni dunyoga tezda tanilib ketishini ta’minlab berganidan xabaringiz bor. JCHlarda ishlash bo‘yicha yaqqol peshqadam sanaladigan Ermatov so‘zssin futbol olami tarixida kuchli hakam sifatida qoladi. Xo‘sh yana qanday hakamlar ushbu sport turida katta mashxurlikka erishgan? Bugun shu savolga javob izlashga urunib ko‘ramiz.
Xovart Uebb
2010-yilning o‘zida JCH finali va YECHL finalini boshqargan ilk hakam sifatida tarixdan muqim joy egallagan qahramonimiz o‘zining qattiq qo‘ligi bilan ajralib turadi. Shiddatli APL o‘yinlarida chiniqqan Uebb o‘zi boshqargan uchrashuvlarda ko‘rinmaslikka urunar, maydonda kurash olib borishga qarshilik qilmas edi. Polisiya serjanti sifatida faoliyat olib boruchchi hakam 2014-yilda o‘zining hakamlik faoliyatiga yakun yasadi. Hozirda huquqni himoya qilish organlarida faoliyat olib bormoqda.
Shandor Pul
Afsonaviy vengriyalik hakam ko‘plab mutaxassislar tomonidan dunyoning barcha zamonlardagi eng kuchli referisi deb tan olingan bo‘lsada, hozirgi avlod ushbu hakam haqida deyarli ma’lumotga ega emas. O‘z faoliyati davomida 1994-yilda bo‘lib o‘tgan JCH finalini boshqargan hakam, qatorasiga 4 marotaba dunyoning eng kuchli referisi deb e’tirof etilgan. Shandor Pul o‘yin davomida futbolchilar bilan muloqotdan qochmas, vaziyatlarni chigallashtirmaslikni hush ko‘ruvchi hakam bo‘lgani bois, ko‘plab o‘ta qaltis uchrashuvlarda aynan uni hakam etib tayinlashar edi. 1998-yilda professional hakamlikdan ketgan venger o‘z faoliyatini Vengriya futbol federasiyasida davom ettirdi.
Kim Milton Nilson
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan hakamlardan biri sanaladigan Milton Nilson ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilib ketgan bo‘lsa, ajab emas. Nilton o‘z faoliyati davomida 153 bor terma jamoalar o‘yinida ishlagan bo‘lsa, 54 bor YCHL bahslarida hakamlik qilishga muvaffaq bo‘lgani tahsinga sazovor.
O‘zining juda sermahsul faoliyati mobaynida qahramonimiz 1994-yilda bo‘lib o‘tgan UEFA kubogi v 2004-yilda bo‘lib o‘tgan YECHL finallarida ishlagan bo‘lsada, biror marotaba qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymagan. U hakamlik uchun so‘nggi nuqta sanaladigan 45 yoshga qadar o‘z faoliyatini davom ettirdi. Hozirda Nilson o‘z yurtida maishiy tehnika do‘konida menenjer sifatida faoliyat olib bormoqda.
Markus Merk
O‘z davrining eng kuchli hakamlaridan biri sanalagan nemis, o‘zining sovuqqonligi va keskin qarorlari bilan tezda mashxur bo‘lib ketgan edi. Odatiy hayotda tish doktori sifatida mehnat qilgani bois, u maydonda sovuq bosh bilan qaror chiqarar, hech qachon hissiyotlarga berilmasligi bilan qolganlardan ajralib turar edi.
O‘z faoliyati davomida 3 bor dunyoning eng kuchli hakami deb e’tirof etilgan Merk 6 bor Bundesliganing eng kuchli referisi deb ham tan olingan. So‘nggi bor 2008-yilda hakamlik qilgan Merk hozirda Turkiya sport telekanallaridan birida ekspert vazifasida faoliyat olib bormoqda.
Pyerluidji Kollina
Futbol tarixidagi afsonaviy yulduzlar singari futbolning yuzi sanaladigan italiyalik hakam haqida eshitmagan muxlis bo‘lmasa kerak. 1977-yilda hakamlik faoliyatini boshlagan qahramonimiz eng notinch birinchilik sanalmush «A seriya»da bir necha bor jonini hatarga qo‘yib bo‘lsada, halollikni ta’minlay olgan inson sifatida barchaning hurmatiga sazovor bo‘lgan. Kollina o‘z faoliyati davomida «Atlanta olimpiadasi» finalida, 1998 va 2002-yillarda bo‘lib o‘tgan JCH finallarida ishlabgina qolmay, 1999-yilda bo‘lib o‘tgan o‘sha mashxur «Bavariya» «Manchester Yunayted» klublari o‘rtasidagi YECHL finalini ham boshqarish baxtiga muyassar bo‘lgan. Qahramonimiz naqd 6 bor dunyoning eng kuchli hakami deb tan olingan va u hozirda halol futbolning ramziga aylangan inson sifatida xalqaro hakamlar qo‘mitasida faoliyat olib bormoqda.