Dunyoning eng shiddatli ligasi sifatida tan olingan APLda to‘p surish uchun futbolchilardan qo‘shimcha kuch va motivatsiya talab etiladi. Tumanli albiondagi futbol qanchalar tomoshabop bo‘lmasin, u barcha futbolchilarni ham qabul qilavermaydi. Bugun kurashlagan boy ligada omadsiz ishtirok etgan yulduzlar haqida so‘z yuritamiz.
Ernan Krespo
21-asrning ilk yillarida to‘xtatib bo‘lmas hujumchilardan biri sifatida yodga olinadigan Ernen Kresponi tanimaydigan futbol muxlisi bo‘lmasa kerak. Raman Abramovich “Chelsi” tepasiga kelgach, jamoaga yulduzlarni jalb etishni aynan Krespodan boshlaydi. 2003-yilda argentinlik futbolchi uchun 17 million funt sterlingdan voz kechgan “Chelsi” uzoq yillar davomida hujum chizig‘idagi muammolarni bartaraf etishni rejalashtirgan edi, biroq barchasi kutilmagan yakun topdi. Tumanli albiondagi omadsiz mavsumdan so‘ng, futbolchi o‘zini “Milan”ga ijaraga berishlarini iltimos qiladi. “Aristokratlar” formasini yo‘qotib qo‘ygan hujumchini bir mavsumga qo‘yib yuborishadi. Qizig‘i shundaki, Ernan “Milan”da yana avvalgi darajasida harakat qila boshladi. Ijara so‘nggida ortga qaytgach, u APLda yo‘qolib qoldi. Jismoniy yuklamalarga dosh bera olmagan forvard mavsum so‘nggida“Inter”ga o‘tib ketdi.
Xuan Sebastian Veron
Ser Aleks faoliyatidagi eng omadsiz transfer deb yodga olinuvchi yana bir argentinalik futbolchi. Markaziy yarim himoyachi uchun o‘sha davrlarda fantastik summa (2001-yilda 28 million funt sterling!) to‘lashdan cho‘chimagan “qizil iblislar” o‘zlari kutgan natijaga erisha olishmadi. Shotlandiyalik murabbiy tobora o‘yinida pasayish kuzatilayotgan Veronni turli pozitsiyalarda sinab ko‘rganiga qaramay, yarim himoyachi jamoa o‘yinidan tushib qolishda davom etaverdi. Oradan ko‘p o‘tmay, qahramonimiz APLning boshqa bir jamoasi – “Chelsi”ga yo‘l oldi. “Chelsi” klub uchun bor yo‘gi 7 ta o‘yinda maydonga tushgan Veronning transferi uchun 14 million yevro to‘laganidan hali-hamon afsus cheksa, ajab emas.
Andrey Shevchenko
O‘z avlodning eng yaxshi futbolchisi, “Oltin to‘p” sovrini egasi, YECHL g‘olibi va tug‘ma to‘purar Andrey Shevchenko ham o‘z vaqtida APLni zabt etishni uddalay olmagani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas. Barcha uning “Chelsi”da ham “Milan”da bo‘lgani kabi “yondirishini” kutgan edi, ammo Tumanli albionda ukrainalik futbolchini omadsiz mavsumlar kutib turgan edi. O‘zining ilk mavsumida biroz ko‘zga tashlanib turgan hujumchi, 2007/8-yilgi mavsumni deyarli to‘liqligicha lazariyatda o‘tkazadi. O‘z karyerasini o‘nglab olish maqsadida Italiyaga yo‘l olgan qahramonimiz u yerda ham qo‘nim topa olmadi va barchasini boshlagan “Dinamo Kiyev” klubi bilan shartnoma imzoladi.
Diyego Forlan
Urugvaylik hujumchi APLdagi omadsizlikdan so‘ng, o‘z karyerasini qutqarib qolgan kam sonli futbolchilardan biri. 2002-yilda o‘z kuchini APLda sinab ko‘rishga qaror qilgan forlan barchasini ajoyib tarzda boshlagan edi. Debyut uchrashuvidayoq azalaiy raqiblar “Liverpul” darvozasiga ikkita gol. Bundan ortiq debyut bo‘ladimi? Afsuski, uning APLdagi karyerasida o‘sha debyut uchrashuvidan boshqa birorta yorqin o‘yin bo‘lmadi. Keyinchalik futbolchi 27 ta o‘yin davomida gol kiritishni uddalay olmadi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning futbolchilik faoliyatida keskin pasayish kuzatildi. “Manchester Yunayted” UYEyn Runini xarid qilgach, Forlan umuman tarkibdan tushib qolishni boshladi. Diyego o‘z faoliyatini saqlab qolish uchun Ispaniyaga ketishdan boshqa chora topa olmadi.
Pol Pogba
APL bilan chiqisha olmaganlarning eng so‘nggilaridan biri. Ba’zi muxlislar uchun amaldagi JCH g‘olibining bu ro‘yxatda paydo bo‘lishi erish tuyular, biroq ishoning Pogba allaqachon o‘zining so‘nggi bekatiga yetib keldi. 2016-yilda Pogbani ortga qaytarish uchun “qizil iblislar” 110 million yevrodan voz kechishganida, muxlislar Pogbada jamoani qutqaruvchi haloskorni ko‘rishni orzu qilishgan edi. Afsuski, Pogba ikkinchi Bekham yoki Ronaldu bo‘lishni uddalay olmadi. So‘nggi paytlarda jarohatlarga o‘ralashib qolgan fransuz klubda 3ta mavsum o‘tkazgan bo‘lsada, deyarli hech narsani isbotlay olmadi. Ayni damga kelib, Pogba jamoadan ketish uchun hamma narsaga tayyor chinakam omadsiz transferga aylanib bo‘ldi.