Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Fergyusonning «Real» va «Bavariya»dan kuchliroq bo‘lgan «o‘lmas» «Aberdin»ini yodga olamiz!

Fergyusonning «Real» va «Bavariya»dan kuchliroq bo‘lgan «o‘lmas» «Aberdin»ini yodga olamiz!

Baho:
+ | -

Stadion.uz Aleks Fergyuson va uning murabbiylikdagi ilk klubi bo‘lgan «Aberdin»ni yodga oladi.


Tashqaridan «Seltik» va «Glazgo» jamoalari Shotlandiyaning eng yirik klublari bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq ular kamtarin «Aberdin»ga havas ko‘zlari bilan qarashi turgan gap. Glazgo shahri klublari xalqaro maydonda atigi bir boradan chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bunday sovrinlardan «Donz» (klub laqabi)da naqd ikkita! Boz ustiga, Shotlandiya klublari orasida hozirga qadar so‘nggi xalqaro sovrinni aynan «Aberdin» (1883-yil) boshiuzrako‘targan. «Seltik» (1967) va «Glazgo» (1972) qo‘lga kiritgan sovrinlar muxlislar yodidan ko‘tarilib ham ketgani aniq.

Bugungi kunda shotlandiiyalik muxlislar «Aberdin»ni «abadiy» yoki «o‘lmas» singari laqablar bilan erkalashni xush ko‘rishadi. Sababi, bu kamtarin klub deyarli bir asr davomida biror marotaba elitani tark etmagan.

E’tiborlisi shundaki, o‘tgan asr oxiri va yangi asr boshidagi eng kuchli murabbiy – ser Aleks Fergyuson ham aynan shu klubda katta futbolga kirib kelgan. Bugungi avlod muxlislari Aleks Fergyusonning futboldagi ilk yillari juda omadsiz kelganini, hatto qahramonimiz barchasiga qo‘l siltamoqchi bo‘lgani haqida eshitmagan bo‘lsa kerak...

«Aberdin» klubi rahbarlari yosh Aleksni tungi barlardan birida barmenlik qilayotgan paytda uchratib qoladi. Biroz g‘alati eshitilishi mumkin, lekin mijozlarga pivo quyib beruvchi yigitga jamoa rahbarlari ishonch bildirishdi va evaziga super jamoani qo‘lga kiritishdi. 80-yillarda butun dunyoni titratgan «Aberdin»ning ortida yosh Aleksning hizmatlari yotibdi desak, adashmagan bo‘lamiz.

Qachonlardir «Aberdin» Shotlandiyadagi uchinchi kuch sanalar, doimo uning grandlarga qarshi o‘yinlari e’tibor markazida turar edi. Fegryuson «Manchester Yunayted»ga ketgach, uning gvardiyasi ham qisqa muddatda tarqalib ketdi. Neft bilan shug‘ullanuvchi ulkan kompaniyalar ham klubga hamkorlik qilishdan bosh tortdi va 20 yil ichida «Aberdin» o‘rtamiyona shotland klubiga aylandi qoldi. Keling, yana 70-80-yillarga qaytamiz...

Aberdin sharhidan uncha uzoq bo‘lmagan Shimoliy dengizda neft bor ekanligini ma’lum bo‘ldi. O‘z-o‘zidan yangi kompaniyalar «Aberdin» bilan hamkorlik qilish istagini bildirishdi va ajoyib jamoa tuzildi. «Seltik» klubining sobiq sardori Billi MakNill qisqa muddat ichida ajoyib futbolchilarni jamladi va chempionlik uchun kurashga qo‘shildi. Ularga qandaydir bir ochko pand berdi va «Aberdin» kumush medallar bilan cheklandi. Yosh murabbiyning katta futboldagi katta qadamlarini ko‘rgan «Seltik» uni o‘z tomoniga qisqa muddatda og‘dirib oldi. Qarabsizki, «Aberdin» murabbiysiz qolib ketdi. Klub rahbarlari Dik Donald va Kris Anderson vaziyatdan chiqib ketish uchun yangi murabbiy izlashni boshlab yuboradi. Yangi murabbiy MakNill shakllantirgan jamoani g‘alaba sari yetaklab borishi lozim edi. Izlanishlar davom etdi, biroq kutilgan inson kutilmagan joyda ko‘rinish berdi.



Futbolchilik faoliyatida Shotlandiyaning o‘rtamiyona klublarida («Sent-Jonston», «Danfermlayn», «Folkerk») to‘p tepgan Aleksga jarohatlar to‘sqinlik qilgani rost. Hatto o‘z vaqtida uni «Glazgo» klubi sotib olgan, biroq yakunda bu omadsiz transferga aylangan edi. 33 yoshida butsalarini mixga ilgan Aleks futbolda o‘z so‘zini ayta olmagach, bor e’tiborini murabbiylikka qaratadi. «Ist-Stirlingshir» va «Sent-Mirrene» singari klublarda muvaffaqiyatli ish olib borgan yosh murabbiy omma e’tiboriga tushadi. «Seltik»ka yo‘l olgan MakNill yangi joyiga tezda ko‘nikib ketdi va ortga qaytishni istamadi. Shu sababli, «Aberdin» 33 yoshli murabbiyga ish taklif qilishga qaror qildi. Shotlandiyaning eng qashshoq tumanlaridan biri sanaluvchi Govendagi barlardan birida tuni bilan ishlashga majbur bo‘lgan Aleks Fergyusonga taqdir ajoyib imkoniyat taqdim etdi va bundan yosh murabbiy unumli foydalandi. U bilan kelajak rejalari haqida suhbatlashgani kelgan Dik Donald va Kris Andersonlar sobiq futbolchini darrov taniy olishmadi. Malla soch yigitning chaqqon harakatlarini kuzatgach, ular uzoq vaqt o‘z qarorlarini muhokama qilishdi. Shunga qaramay, vaqt juda oz qolgani bois Aleksga imkon berishga qaror qilishdi.

Fegyusonga yangi jamoani shakllantirish vazifasi qo‘yilmagan edi. U MakNill tayyorlab ketgan jamoadan natija chiqarish kerak. Shunday bo‘lsada, yosh murabbiyga futbolchilarning o‘yin manerasi sira yoqmadi. U shogirdlarining jamoaviy himoyaga qaytishini sira hazm qila olmadi. Sekin-asta hujumchilarga ortga qaytmaslikni, qanot yarim himoyachilarini esa, markazgacha chekinish mumkinligini uqtirdi.

Keling, shu o‘rinda o‘sha afsonaviy «Aberdin» futbolchilarini noma-nom yodga olib o‘tamiz. Darvozada Jim Leyton. Shotlandiya futboli tarixidagi eng kuchli kiper aynan «Aberdin»da o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi. O‘ng qanot himoyachisi – Styuart Kennedi. Chap qanot himoyachisi Dag Ragfi. Markazda: Villi Miller va chinakam yetakchi Aleks Maklish. Markaz: Dryu Jarvi, hindistonlik Nil Kuper, Jon Makmaster va chaqqonlikda benazir Gordon Strakon. Hujum chizig‘ida Fegryusonda tanlov chakki bo‘lmagan. (Sofuqqon) Djo Xarvi, («sehrli tayoqcha») Djon Xyuitt, (Monstr) Erik Blek va (Ayyor) Mark MakGilar o‘yin strategiyasidan kelib chiqqan holda janggi tashlangan.

1978/79-yilgi mavsumda «Aberdin» Shotlandiya chempionatini to‘rtinchi o‘rin bilan yakunlaydi. Ichki kubok musobaqasida esa, finalga qadar yetib boradi va shov-shuv ko‘taradi. Kelasi mavsumda, Aleks Fergyuson o‘z jamoasini Shotlandiya chempionligi sari dadil qadamlar bilan yetaklaydi. E’tiborlisi shundaki, mavsum davomida «Aberdin» jamoadan «Seltik»ka qochib ketgan MakNill ustidan ikki bor g‘alaba qozonadi va ishonchli tarzda chempionlini nishonlaydi. Bunga qadar 25 yil davomida «Aberdin» oltin medallarsiz qolib ketayotgan edi. Bu shunchaki, boshlanishi edi,xolos.

Ser Aleks davrida klub 3 bor chempionlikni qo‘lga kiritibgina qolmay, yana shuncha bor kubokda ham zafar quchadi. Shunga qaramay, jamoaga chinakam omadli mavsum deb 1982/83-yilgisini ko‘rsatishimiz mumkin.

«Aberdin» Kubok egalari kubogidagi safarini boshlaydi. Ochig‘i, shotland klubini hech kim favoritlar qatoriga qo‘shmagan bo‘lsada, yosh murabbiy mavsum oldidan asosiy maqsad sifatida aynan xalqaro maydondagi sovrinni tanlab oladi. Musobaqa startida ularning qarshisidan Shvesariyaning «Syon» klubi chiqib qoladi va (7:0, 4:1) yanchib tashlanadi. Keyin Albaniyaning «Dinamo»si bilan og‘ir uchrashuvlar (1:0, 0:0). Keyin Polshaning «Lex» jamoasi ikki o‘yinda ham bir hil 2:0 natijasi bilan ortda qoldiriladi.

«Aberdin»ning chinakam qarorgohiga aylangan «Pittodri» o‘yingohi malla murabbiyning fantastik jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘yin kuni stadionga erta tongdan tashrif buyurishni boshlaydi. Sababi, kechga borib chipta sotib olishning iloji yo‘q edi.

Chorak finalda Aleksning shogirdlari «Bavariya» bilan to‘qnash keladi. Tan olish lozim, tarkibida Rummenigge, Braytner singari super yulduzlari bor klub musobaqaning birinchi raqamli favoriti edi. «Aberdin»ga qadar «Torpedo» va «Tottenhem»larga chiqish eshigini ko‘rsatib yuborgan «Bavariya» bir qarashda shotland klubi uchun o‘tib bo‘lmas to‘siqdek ko‘ringani rost, lekin Aleks Fergyusonga emas!



16-mart 1983-yil. To‘lib-toshgan «Pittordi» o‘yingohida «Aberdin» va «Bavariya» o‘rtasidagi super uchrashuvga start berildi. Kutilganidek nemislar o‘yinni yaxshi boshladi va 10 daqiqada hisobni ochishdi. Paul Braytner Klausus Augentaleruga to‘pni yetkazdi va to‘purar himoyachi uzoq masofadan to‘pni darvozaga mixlab qo‘ydi. Barchasi hal etilgandek bir paytda, «Aberdin» o‘ziga kelishni boshladi va taym so‘nggida hisobni tenglashtirdi. Blek Nil Simsonga to‘pni uzatdi va u ajoyib zarba bilan gol kiritdi! Tablodagi hisob 1:1! Xursandchilik uzoqqa cho‘zilgani yo‘q. 61-daqiqada «Bavariya» yana hisobni o‘zi tomon og‘dirdi. Gans Pflyuger aniq zarbasi bilan «Bavariya»ni oldinga olib chiqadi. Ko‘p o‘tmay, Aleks Maklish «Aberdin» himoyachilari ham gol kiritishni biladi degancha tablodagi hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi. O‘yin poyoniga yaqinlashgani sari, «Bavariya»ni durang qoniqtirishi ayon bo‘lib qoldi. Uchrashuvning so‘nggi 10 daqiqasida «Aberdin» hujumchisi Jon Xyuitt yiqilayotganiga qaramay ajoyib zarba yo‘lladi va 3:2! «Aberdin» shu tariqa o‘z zamonasining eng qudratli klubi – «Bavariya»ni musobaqadan chiqarib yuboradi.

Keyin Belgiyaning «Genk» klubi 5:1 natijasi bilan mehmonda mag‘lub etiladi. Javob uchrashuvida shotland klubi 0:1 natijasi bilan mag‘lub bo‘lgan bo‘lsada, finalga yo‘l oladi. Barcha bu tarixiy natijani yuvish ilinjida bayramni boshlab yuboradi, biroq «Aberdin» futbolchilari bundan mustasno. Sababi, o‘yindan so‘ng, Aleks Fergyuson o‘z shogirdlarini sustkashlikda ayblab qattiq koyidi. Shu sababli, futbolchilar o‘z uylariga kayfiyatsiz alpozda qaytishadi. Yarim final qahramonlaridan biri Alek Maklishning aytishicha, o‘sha kuni Aberdinda klub futbolchilaridan boshqa barcha bayram qilgan ekan.



Mana finalga ham yetib keldik. Shvesiyaning Gyoteborg shahri. Zamonaviy «Ullevi» arenasi finalni qarshi olishga tayyor. Raqib afsonaviy Alfredo Di Stefani boshchiligidagi «Real Madrid» klubi! O‘yin oldidan asosiy favorit bo‘lganini taxmin qilish qiyin emas. Shunga qaramay, naqd 14 ming shotland o‘z sevikli klubini qo‘llab-quvvatlash uchun Skandinaviyaga yetib boradi. Ular uchun raqib kim ekanligini ahamiyati yo‘q, asosiysi «Aberdin»ni muhim uchrashuvda yolg‘iz qoldirmaslik edi. Ular Gyoteborgga faqat g‘alaba uchun kelishdi deyish noo‘rin. Ular «Aberdin» bilan barchasini yelkama-elka o‘tkazish uchun yetib kelishdi. Aynan ularning shotland musiqasi sadolari ostida baralla kuylagan qo‘shiqlari «Aberdin»ga qo‘shimcha kuch bag‘ishlagani rost. Aynan shu omil sababli, malla soch murabbiy shogirdlari ajoyib start olishdi. O‘yinning 7-daqiqasida kutilmaganda «Aberdin» hisobni ochadi, biroq ko‘p o‘tmay Santiliana muvozanatni tikladi. Shu hisob o‘yinning 112-daqiqasiga qadar tabloda yonib turdi. Aynan o‘sha daqiqada jamoaning tinib-tinchimas hujumchisi MakGi qanotdan to‘pni markazga uzatdi. Havoda kelayotgan to‘pni Aleks Fergyusonning superzaxira quroliga aylangan Xyuitt «Real»darvozasiga mixlab qo‘yadi. 2:1! Shotlandlar o‘yin davomidagi ustunlikni tabloga ham ko‘chira olgani tahsinga sazovor.

Hakam xushtagi chalindi va malla soch yosh yigit o‘z zamonasida futbol olamining qiroli sanalgan Alfredo Di Stefano bilan so‘rashib o‘tib ketdi. Aynan o‘sha uchrashuvdan so‘ng, butun dunyo futbol olamiga yangi, yosh va inqilob qilishga qodir murabbiy kirib kelganini chuqur his etadi.

Yangi yil bayrami arafasida «Aberdin» o‘z faoliyatidagi yana bir buyuk g‘alabani tantana qiladi.

UYEFA superkubogi doirasida «Gamburg» bilan mehmonda 0:0 natija qayd etilgach, ser Aleks «Pittordi»dagi hal qiluvchi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuboradi. Ko‘plab mutaxassislarning fikricha, yosh murabbiy 3 kun mashg‘ulotlarga kelmay, Gamburgdagi o‘yin tasmasini qayta-qayta tomosha qilgan ekan.

Hal qiluvchi jangda, Aleks Fergyuson raqibidan 90 daqiqa davomida bir qadam oldinda bo‘ldi va yakunda «Aberdin» 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘sha yilgi futbol mavsumida «Aberdin» chempionlikni qo‘ldan boy berdi, ammo UYEFA superkubogidagi oltin medallar buni hech kimga sezdirgani yo‘q.



Ko‘p o‘tmay Fergyuson bu natija «Aberdin» uchun maksimum ekanligini anglab yetdi. Shu sababli, yosh murabbiy va «Aberdin»ning yo‘llari boshqa-boshqa tomonga burilib ketdi.

Fergyuson biroz muddat Shotlandiya terma jamoasida ishlagach, «Manchester Yunayted»dan kelib tushgan taklifga rozi bo‘ldi. Uning o‘rnini «Aberdin»da Archi Noks egalladi va jamoa bilan Shotlandiya kubogida zafar quchdi. Ko‘p o‘tmay uni Aleks«tumanli albion»ga chorladi va o‘z shtabiga qo‘shib oldi. Undan so‘ng jamoa tepasiga kelgan Yan Porterfild omadsizlikka uchragan bo‘lsa, Jon Skott va Aleks Smit tandemi vaziyatdan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Bu murabbiylar birgalikda ikki bor Shotlandiya kuboglarida zafar quchishga muvaffaq bo‘lishdi. E’tiborlisi shundaki, finallarning birida «Seltik», ikkinchisida «Glazgo» taslim etildi. Hatto chempionlikni ham nishonlash mumkin edi, lekin hal qiluvchi o‘yinda ularga Aleks Fergyusonning sovuqqonligi yetishmadi va klub «Glazgo»ga mag‘lub bo‘ldi. O‘sha alamli o‘yindan so‘ng, tandemda ishlovchi murabbiylar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi va Jon Skot boshqa jamoa bilan shartnoma imzoladi. Aleks Smit esa, bir o‘zi «Aberdin»ni «tortib» keta olmadi. Aynan shu joyda Shotlandiyaning xalqaro maydondagi eng omadli klubining shonli o‘tmishi o‘z yakuniga yetadi.

Yahyoxo'ja Ulug'xo'jayev

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 00:18, 18.08.2020.
O'qildi: 8632 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.