“Navbahor”ning tajribali himoyachisi Tohirjon Shamsitdinov Coca Cola Superliga 23-turidan o‘rin olgan“Navbahor”–“Surxon” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan oldin o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Garchi “Surxon” turnir jadvalining quyi pog‘onasidan joy olib turgan bo‘lsa-da, maydonga har qanday raqibni hurmat qilgan holda hamda g‘alaba ishtiyoqida tushish lozim.
Termizliklarga Superligada qolish uchun ochko suv va havodek zarur bo‘lganligi bois, bo‘lajak bahsning keskin kurashlar ostida o‘tishi ehtimoli yuqori.
Xudoga shukr, jamoamiz omadsiz o‘yinlarga barham berib, so‘nggi ikkita uchrashuvdan buyon g‘alaba qozonyapti. “Surxon”ga qarshi kechadigan bahsda ham zafarli odimimizni davom ettiramiz degan umiddaman.
Joriy mavsum o‘yinlarining yakunlanishiga ham sanoqli turlar qoldi. Shuning uchun Superliganing so‘nggi 4 ta bahsida munosib to‘p surib, maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushib, bo‘lajak o‘yinlarda zafar quchib, muxlislarga quvonch ulashish niyatidamiz.
Termizliklar bilan bo‘ladigan bugungi uchrashuvda stadionga tashrif buyuradigan cheklangan miqdordagi, shuningdek, jamoamizni oynai jahon orqali qalban va ruhan qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarga quvonch ulashish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz.
Bugungi o‘yinda jamoamizning g‘alabali odimi yana davom etadi deb umid qilaman.
Buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.