Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Mustafo Bayramov: «Navbahor»ga fidoyi bo‘lganligim uchun jamoani tashlab ketmaganman»

Mustafo Bayramov: «Navbahor»ga fidoyi bo‘lganligim uchun jamoani tashlab ketmaganman»

Baho:
+ | -

Jahon futbolida o‘z faoliyatini faqatgina bir klubda o‘tkazgan sodiq futbolchilar ham bor. Shunday o‘yinchilar qatoriga Italiyaning “Milan” jamoasi himoyachisi Paolo Maldini, Angliyaning “Liverpul” klubi yarim himoyachisi Stiven Jerrardni kiritish mumkin. Mamlakatimizda ham shunday futbolchilar topiladi. Bular qatorida ayni paytda Namanganning “Navbahor” jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat yuritayotgan Mustafo Bayramov ham bor. Mazkur mutaxassis 40 yildan ziyod vaqt davomida faqatgina bir klub, ya’ni “Navbahor”da faoliyat yuritmoqda. Ushbu jamoada oldin futbolchi, keyin esa murabbiy sifatida ishlayotgan Mustafo Jeferovich ta’kidlash joizki, ancha kamtar va kamsuqum inson. Shuning uchun bo‘lsa kerak, undan hamkasblarimiz kam intervyu olishgan. Biz yaqinda “Navbahor”ning sadoqatli hamda fidoyi vakili bilan suhbat uyushtirib, uning fikrlarini yozib oldik.

O‘tgan mavsum, omadsizlik sabablari

- “Navbahor”ning o‘tgan mavsumda namoyish etgan o‘yinlari borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, chempionatni juda yaxshi boshlab, dastlabki 3 ta tur bahslarida yaxshi natija qayd etgandik. Garchi ilk tur uchrashuvida amaldagi chempion “Paxtakor”ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsak-da (1:2), o‘sha o‘yinda poytaxtliklarga munosib qarshilik ko‘rsata olib, hisobda oldinga chiqib olgandik. Undan keyin qanday voqeliklar ro‘y berganligi esa barchaga ayon. O‘sha uchrashuv hakamlari ham ma’lum muddatga o‘yinlarni boshqarishdan chetlatilishgandi.  

Keyin o‘z maydonimizda “Lokomotiv” ustidan g‘alaba qozonib (2:0), so‘ngra, safarda ”Andijon” bilan durangga imzo chekdik (0:0).

Keyinchalik o‘zingizga ma’lum, COVID – 19 sababli, karantin boshlanib, futbol bahslari bir muddat to‘xtab qoldi. Futbolchilar o‘z uylarida yakka tartibda mashg‘ulot o‘tkazishdi.

Yozdan yana gigiyena qoidalariga amal qilingan holda, futbol bahslari davom ettirildi hamda jamoamiz yana ijobiy natijalarni qayd eta boshladi. Birinchi davraning so‘nggi 4 ta turi poytaxtimizda o‘tkazilib, “Navbahor”ning 7 nafar futbolchisi koronavirusga    chalindi.

Bu esa jamoamizning o‘yinlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatib, qatorasiga 11 ta bahsda g‘alaba qozonolmadik. Natijaning bunday salbiy tus olishi esa jamoaning bosh murabbiyi, rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskisning iste’fosiga sabab bo‘ldi va jamoa boshqaruvi No‘’mon Hasanov qo‘liga o‘tdi.

Xudoga shukr, Hasanov boshqaruvida so‘nggi o‘yinlarda ijobiy natijalarni qayd eta oldik.

Kanchelskis va Hasanov borasida

Albatta, har bir murabbiyning o‘z mashg‘ulot olib borish uslublari, taktikasi bo‘ladi. Andrey Kanchelskisdan ham nimadir o‘rgandim, ayni paytda No‘’mon Hasanovdan ham o‘rganyapman. Bu esa albatta, murabbiylik faoliyatimda asqotishi tayin.   

 Futbolga kirib kelishi, birinchi murabbiylari, havas qilgan futbolchisi       

- Namangan shahridagi 31-o‘rta maktabda tahsil olganman. Mazkur maktab yaqinida “Spartak” stadioni joylashgandi. Mazkur o‘yingohda futbol bilan shug‘ullanishni 10 yoshimdan boshlaganman. Millionlar o‘yinidagi ilk saboqlarni Pavel Konstantinovich Kim, Anvar Izzetovich Suleymanov qo‘l ostida o‘rganganman.

1980 yili Namanganning “Navbahor” klubiga qabul qilindim.

Bolaligimda Germaniya terma jamoasi va “Bavariya” klubi himoyachisi Frans Bekkenbauerning o‘yinlariga havas qilardim. Shuning uchun ham himoyachi ampluasini tanladim hamda shu pozisiyada faoliyatimning yakunigacha to‘p surdim.

“Navbahor” klubi va terma jamoadagi faoliyati, jamoadoshlari 

“Navbahor”dagi 17 yillik faoliyatim davomida 600 ga yaqin uchrashuvda maydonga tushib, garchi himoyachi bo‘lsamda, har mavsumda kamida

5 tadan to‘p kiritganman, 1995 yili esa 10 ta gol urdim va oliy ligadagi himoyachilar orasida eng yaxshi natijaga erishdim. 

Gollarimni asosan standart vaziyatlardan keyin, ya’ni burchak hamda jarima zarbalaridan keyin, ko‘proq boshim bilan urardim. Boisi, bo‘yim 1,85 sm. edi. Shuning uchun havolatib uzatilgan to‘plarga ko‘proq ega chiqardim, umuman olganda,  “ikkinchi qavat”da yaxshi o‘yin namoyish etardim.

Jamoamiz 1991 yili sobiq ittifoq 1-ligasida ishtirok etgandi. O‘shanda namanganliklar tarkibida barcha uchrashuvlarda maydonga tushib, 4 ta gol urganman.

Futbolchilik faoliyatim davomida 1982 yili Tanzaniyadagi musobaqada ishtirok etganmiz, o‘shanda “Navbahor” mazkur mamlakatdagi turnirda  5 ta o‘yin o‘tkazib, ularning  4 tasida g‘alaba qozondi va  1 ta uchrashuvda durang qayd etgandi.

1989 yilda Liviya hamda Bangladesh mamlakatlaridagi musobaqalarda ishtirok etib, 1-o‘rinni egallagandik.

1990 yili esa Polshaga borib, mazkur mamlakatning mashhur klublaridan biri – “Lex” (Poznan) bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazganmiz.

Futbolchilik faoliyatim davomida darvozabonlardan Anatoliy Tananakin, Dmitriy Bashkevich, Saydullo Jabborov, Oleg Sirovashko, Anvar Jabborov, himoyachilardan esa Igor Belov, Igor Bliznyuk, Aleksandr Pasko va Aleksandr Ivanov bilan yelkama-elka o‘ynaganmiz hamda  ularning o‘yinlari menda yaxshi taassurot qoldirgan.    

Futbolchilik faoliyatim davomida sobiq ittifoq davridagi o‘yinchilardan “Rotor”dagi Aleksandr Ledyaxov, “Tekstilshik”dagi Sergey Natalushko, hamyurtlarimizdan esa Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov, Oleg Sinelobov, Bahodir Rahmonov, Rustam Do‘rmonovga qarshi to‘p surish menga qiyinchilik tug‘dirgan.

O‘zingizga ma’lum, futbolchilik faoliyatim davomida faqatgina bir jamoa – “Navbahor” sharafini himoya qilganman. Ushbu klub safida 17 yil to‘p surib, 6 mavsum davomida, ya’ni 1989 – 1994 yillarda jamoa sardori bo‘lganman.

Futbolchilik paytimda 1988 yili “Neftchi”, 1989 yili esa “Paxtakor”dan taklif bo‘lgan. Lekin “Navbahor”ga fidoyi bo‘lganligim uchun jamoani tashlab ketmaganman.

Futbolchilik davrimda “Navbahor” bilan O‘zbekiston chempionligi (1996), O‘zbekiston kubogi (1992, 1995), bronza medallari (1993, 1994, 1995) ni qo‘lga kiritganman.  

“Navbahor”da to‘p surganimda Sergey Volchok, Viktor Jalilov va Usmon Asqaraliyevdan ko‘p narsa o‘rgandim.

Shuningdek, sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 7 yil, ya’ni 1982-1989 yillari to‘p surdim, uning tarkibida sobiq ittifoq xalqlari Spartakiadasi, xalqaro musobaqada qatnashib, xalqaro turnirda 3-o‘rinni olganman, O‘zbekiston termasining sardori bo‘lganman.

Murabbiylik faoliyati, yetishtirgan shogirdlari, yangi mavsumga tayyorgarlik

1997 yildan boshlab, murabbiylik faoliyatimni boshladim. Dastlab “Navbahor”ning o‘rinbosarlar tarkibini boshqarib, mazkur jamoa bilan 3 marta 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim, shuningdek, 3 marta “Navbahor”ni oliy ligada olib qolishga muvaffaq bo‘ldim.

Umuman olganda, murabbiylik faoliyatimda qutqaruvchi vazifasini ham bajarishga ham to‘g‘ri kelgan (kuladi).

Murabbiylik faoliyatim davomida Viktor Jalilov, Gennadiy Nedelkin, Rahim Qurbonmamedov, Usmon Asqaraliyev, Baxtiyor Ashurmatov va Andrey Kanchelskis singari mutaxassislar birga faoliyat olib bordim.

Ayrim mavsumlarda “Navbahor” yoshlar jamoasi, ba’zi yillarda esa asosiy tarkibning murabbiylar shtabida ishladim.

Ta’kidlaganimdek, ayni paytda No‘’mon Hasanovning murabbiylar shtabidan o‘rin olganman.  

Fursati kelganida ta’kidlash joizki, yaqin o‘tmishning mashhur futbolchilaridan biri, ayni paytda “Metallurg” murabbiylar shtabida ishlayotgan Fevzi Davlatovni ham Sergey Volchokka men tavsiya qilgandim. Xabaringiz bor, Davletov O‘zbekiston milliy terma jamoasi, shuningdek,  mamlakatimiz va Qozog‘istonning bir qator klublarida samarali faoliyat yuritgan futbolchilardan biri hisoblanadi.  

Fevzi 1994 yili bosh jamoamiz tarkibida Osiyo o‘yinlarida g‘olib chiqqan o‘yinchilardan biri.

Shuningdek, murabbiylik faoliyatim davomida Dilshod Jabborov, Jahongir Mehmonov, Mirzohid G‘ofurov, A’zamjon Aliyev, Akmal Ortiqov, Azimjon Ahmedov hamda Islombek Isoqjonov singari futbolchilarni kashf etganman.

Ushbu o‘yinchilar avval “Navbahor” yoshlar jamoasi tarkibida toblanib, keyin asosiy tarkib a’zosiga aylanishgan. Endilikda esa barchalari o‘z jamoalarining yetakchi futbolchilari hisoblanishadi.

Qisqasi, “Navbahor”dagi futbolchilik faoliyatim ajoyib tarzda kechgan. O‘z nomi va tarixiga ega jamoa safida to‘p surganligim hamda ayni paytda ham shunday klubning murabbiylar shtabida ishlayotganimdan xursandman.

Jamoamiz yangi mavsumga tayyorgarlikning birinchi qismini 4-16 yanvar kunlari Namanganda o‘tkazib, kuniga ikki mahaldan “Yosh kuch” stadionida mashg‘ulotlar olib bordi. Shuningdek, ushbu tayyorgarlik jarayonida “Andijon” bilan ikkita o‘rtoqlik bahsi o‘tkazib, mazkur o‘yinlarda 1:0 hamda 2:0 hisoblarida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik.

Tayyorgarlikning ikkinchi bosqichini esa 18 yanvardan poytaxtimiz Toshkentda, “To‘qimachi” stadionida kuniga ikki mahaldan olib boryapmiz. Toshkentdagi yig‘in davomida bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni ham rejalashtirganmiz.         

Fursatdan foydalanib, yana shuni ham ta’kidlamoqchimanki, jamoamizga Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assosiasiyasi prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov, “Navbahor” PFK vise-prezidenti Otabek Arifovich Samatov barcha sharoitlarni yaratib berishmoqda.

Buning uchun jamoamiz murabbiylar shtabi nomidan ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Xudo xohlasa, yangi mavsumda jamoamiz sovrindorlar safidan o‘rin olish uchun kurash olib boradi.              

Ma’lumot uchun

Mustafo Bayramov – 1964 yil, 7 yanvarda Namangan shahrida tug‘ilgan.

Futbol bilan 10 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.

Birinchi murabbiylari: Pavel Kim, Anvar Suleymanov.

Ampluasi: himoyachi.

Oilali, 2 farzandning otasi, 4 nabiraning buvasi.

Muxlislik qiladigan klubi: “Barselona” (Ispaniya).

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 23:03, 20.01.2021.
O'qildi: 3418 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.